“Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi oldidan matbuot anjumani oʻtkazildi

0
689

V International Tashkent Marathon va Oʻzbekistonning 14 shahrida bir vaqtda oʻtkaziladigan “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqasi arafasida Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Oliy taʻlim vazirligi, Mudofaa vazirligi, Fan va innovatsiyalar vazirligi, Yengil atletika federatsiyasi mutassaddilari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Ma’lumot uchun, Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan marafon World Athleticsʻning xalqaro musobaqalar taqvimiga kiritilgan. Ushbu ommaviy yugurish musobaqasining moslashuvchan formati butun mamlakat boʻylab turli yoshdagi fuqarolarni birlashtirish imkonini beradi. Loyiha doirasida Oʻzbekistonning shahar va tumanlarida xayriya ommaviy yugurish musobaqalari va marafonlar, sport tadbirlari oʻtkaziladi. Musobaqada eng yuqori natija koʻrsatgan ishtirokchilar esdalik sovgʻalari va qimmatbaho sovrinlar bilan taqdirlanadi.

Hududlarda oʻtkaziladigan “Yangi nafas” poygalariga Yengil atletika federatsiyasi tomonidan tayyorlangan 250 nafar malakali hakam va murabbiylar hamda 300 nafarga yaqin koʻngillilar jalb etiladi.

“Yangi nafas” sport harakatining “Bir Vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda, birga yuguramiz” yagona shiori ostida oʻtkazilib, unda 75 ming ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda. Oliy taʻlim vazirligi, Fan va innovatsiyalar vazirligi vakillarining soʻzlariga koʻra, mamlakatimizdagi 57 ta oliy oʻquv yurtidan 25 mingdan ortiq talaba ham poygada ishirok etadi.

Shuningdek, bugungi matbuot anjumanida 12-mart kuni boʻlib oʻtadigan V International Tashkent Marathon arafasida “Paxtakor” stadionida faol hayot tarzini qoʻllab-quvvatlovchi ikki avlodni birlashtirgan “Kids Run” bolalar ommaviy yugurish musobaqasi va skandinavcha yurish musobaqasi oʻtkazilishi haqida ham soʻz yuritildi.

Sherzod Egamberdiyev, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti