Korrupsiya – adolat kushandasi

0
904

Qarshi shahar aholi dam olish markazi zalida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻmondonligi, Qarshi harbiy prokuraturasi, Qashqadaryo viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi, Qarshi harbiy sudi masʻullari ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan tadbir tashkil etildi.

Viloyat mudofaa ishlar boshqarmasi, tuman va shahar mudofaa ishlar boʻlimlarining barcha toifadagi shaxsiy tarkibi, boshqa kuch tuzilmalari masʻullari bilan oʻtgan tadbir muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruv hamda belgilangan xizmat muddatini oʻtab boʻlgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatish davrida korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoyatchilikni oldini olish mavzulariga qaratildi.

Dastlab, sohada erishilgan yutuqlar eʻtirof etilib, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish borasida fikrlar muhokama qilindi.

Soʻz olganlar yigʻilganlardan harbiy xizmatni oʻz yigitlik burchi deya, sadoqat bilan xizmat qilishni maqsad qilgan boʻlajak askarlarni saralash jarayonlarida adolatli yondoshuvni talab qildilar. Hech bir jinoyat esa jazosiz qolmasligi alohida taʻkidlandi. Masʻullar korrupsion holatlar uchun qonunchilikda belgilangan jazo choralari haqida maʻlumot berdi.

Har qanday mamlakat taraqqiyotini ildizidan yemiruvchi eng zararli illatlardan biri shubhasiz korrupsiyadir. Unga qarshi kurashishda barcha bir musht boʻlib harakat qilsagina koʻzlangan maqsadga erishish mumkin.

Tadbirda ushbu masalalar muhokamasi bilan bir qatorda ishtirokchilar ham oʻzlari uchun muhim boʻlgan savollariga javoblar oldi.

Shuningdek, Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi harbiy qismda “Huquqbuzarliklar profilaktikasi” kuni doirasida “Korrupsiya va firibgarlik jinoyatlari jamiyat rivojiga putur yetkazuvchi illat” mavzusida davra suhbati bo’lib o’tdi.

Tadbirga Toshkent shahar harbiy prokuraturasi, Olmaliq shahar sudi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi davlat organi vakillari taklif qilindi.

Ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan tadbirda so’zga chiqqanlar korrupsiya va firibgarlik jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatligi hamda ushbu jinoyatni sodir etganlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan jazo choralari haqida batafsil ma’lumotlar berdi.