Nukusda “Jasorat maktabi” ishtirokchilari kasbga yo‘naltirilmoqda

0
640

Nukus harbiy qismida davom etayotgan 10 kunlik “Jasorat maktabi” ishtirokchilari Qurilish sohasidagi malakali mutaxassislarni tayyorlash markazi va “Ishga marhamat” monomarkazi bilan yaqindan tanishdi. 

Ekskursiya avvalida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov yigʻin ishtirokchilari bilan suhbat uyushtirdi.

Yigʻin ishtirokchilariga okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi nazorati ostida faoliyat yuritayotgan Qurilish sohasidagi malakali mutaxassislarni tayyorlash markazida temir-beton ishlari ustasi, gʻisht teruvchi, elektro-gaz payvandchi, duradgor, suvoqchi, boʻyoqchi-bezakchi, santexnika ishlari ustasi, elektro-montajchi, koʻtarma kran boshqaruvchisining yordamchisi, qoplovchi-plitkachi, poʻlat va temir beton konstruksiyalar montajchisi, gipsokarton montajchisi, monomarkazda esa elektrik, payvandchi, yuk koʻtaruvchi va kran operatori, qishloq xoʻjaligi va boshqa yoʻnalishlarida oʻqish imkoniyatiga ega ekanliklari bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

Kasbga yoʻnaltirilgan markazlarda yoshlar oʻrgatilayotgan kasb turlari hamda mashgʻulotlar jarayonlarida ishtirok etib, “Mahorat darsi”da oʻzlashtirgan bilim va tajribalarini sinovdan oʻtkazdi.

Qiziqarli va taassurotlarga boy oʻtgan ekskursiya soʻnggida markazlarda oʻqish istagida boʻlgan “Jasorat maktabi”ning ishtirokchilaridan navbatdagi kurslarda oʻqish uchun roʻyxat shakllantirildi.

Shu jumladan, Urganch garnizonidagi harbiy qismning “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻini ishtirokchilari uchun Urganch shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi hamda Qurilish sohasidagi malakali mutaxassislarni tayyorlash markazlariga sayohat uyushtirildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati