Yoshlarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish tadbirlari davom etmoqda

0
796

“Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini oʻtab boʻlgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatish toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilingan edi.

Mazkur qaror ijrosi doirasida 20-fevral kunidan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi huzurida Rahbariyat kengashi va harbiy-tibbiy komissiya ish faoliyatini boshladi.

Ma’lumot uchun, 2020-yildan boshlab yurtimizda chaqiriluvchilarni yakuniy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish maʼsuliyati harbiy gospitallarning harbiy shifokorlari zimmasiga yuklatildi. Bundan tashqari, bir-birini takrorlovchi tibbiy komissiyalar, yaʼni muqobil hamda harbiy qismlarda oʻtkaziladigan takroriy tibbiy komissiyalardan voz kechilgan. Shuningdek,mazkur qaror bilan viloyatlar kesimida Rahbariyat kengashi, Harbiy-tibbiy komissiyalar, tumanlarda esa Qurolli Kuchlarni butlash komissiyasi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Nukusdagi Rahbariyat kengashi va joylardagi Qurolli Kuchlarni butlash komissiyalari tarkibiga Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya va DXX Chegara qoʻshinlari vakillari tayinlangan, Harbiy tibbiy va hududiy tibbiy komissiyalar tarkibiga esa Nukus harbiy gospitali va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi shifokor-mutaxassislari jalb etilgan.

Taʼkidlash lozimki, bugungi kunda armiya saflarida harbiy xizmatga borishni oʻziga burch va sharaf deb bilgan oʻgʻlonlar soni kundan-kunga ortib bormoqda. Bunda, albatta, Mudofaa ishlari boʻlimlari hamda butlash komissiyalarining targʻibot tadbirlari muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, Toshkent harbiy okrugi tasarrufidagi Mudofaa ishlar boshqarmalarida
ham chaqiruv yoshidagi fuqarolar bilan harbiy tibbiy komissiyalari tomonidan tibbiy koʻrik oʻtkazilmoqda.

Muddatli harbiy xizmatga chaqirilish tartibi ikkita bosqichda hududiy tibbiy komissiyalari tomonidan oʻtkaziladi: birlamchi tibbiy koʻrik hamda chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik. Hududiy tibbiy komissiyalari tarkibiga kiruvchi shifokorlar — jarroh, oftalmolog, terapevt, psixiatr, nevrolog, lor, dermatovenerolog, stomatolog. Mazkur tibbiy koʻriklar joriy yilning 15-fevralidan 30-aprelgacha oʻtkaziladi.

Qayd etish joizki, hozirgi axborot texnologiyalari davrida Mudofaa ishlar boʻlimlarida chaqiriluvchilar roʻyxatlari elektron tarzda shaklantirilgan hamda tibbiy komisiya vaqtida ham shifokorlar tomonidan yoziladigan xulosalar elektron tarzda qayd etilib, chaqiriluvchilarning yigʻma jiltlariga jamlanyapti.