Andijonda “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘inining navbatdagi mavsumi yakunlandi

0
902

Sharqiy harbiy okrug Andijon garnizonidagi harbiy qismlarning birida viloyatning shahar va tumanlarida istiqomat qiluvchi 100 nafar yigit uchun tashkil etilgan oʻn kunlik “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘ini oʻz nihoyasiga yetdi.

Oʻn kun davomida yigʻin ishtirokchilari bilan harbiy qismda jangovar, maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik, IT-texnologiyalari, tadbirkorlik hamda kasb-hunar o‘rganish boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazildi.

Bundan tashqari, yig‘in ishtirokchilari o‘rtasida Qurolli kuchlar akademiyasi boshlig‘i kubogi uchun “harbiy estafeta ”, Harbiy qism komandiri kubogi uchun “Milliy kurash” hamda Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi kubogi uchun “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi.

Tantanali yopilish marosimida Andijon viloyati yoshlar ittifoqi kengashi, okrug qoʻmondonligi, viloyat prokuraturasi, Yoshlar ishlari agentligi, keng jamoatchilik vakillari hamda yig‘in ishtirokchilarining ota-onalari ishtirok etishdi.

Tadbirda soʻz olganlar yoshlarning kelgusi faoliyatlarida ulkan muvofaqqiyatlar tilab, harbiy qismda oʻrgangan tartib-intizomi, egallagan kasb-hunarlaridan va eng muhimi, hukumatimiz tomonidan ularga yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalanishlarini tilashdi. Shuningdek, ularga egallagan kasb-hunari, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda IT yo‘nalishi bo‘yicha sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.

Yig‘in davomida o‘tkazilgan sport musobaqlari hamda “Zakovat” intellektual o‘yinida g‘olib va sovrindor bo‘lgan jamoalar tashkilotchilarining kubog, diplom va qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati