Urganch va Nukusda “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘inlari boshlandi

0
795

20-fevral kuni Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug Urganch garnizoni harbiy qismlaridan birida yoshlar ishtirokida o‘tkaziladigan “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘inining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Farhodjon Shermatov ishtirok etib, o‘quv yig‘ini yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda, bilim va ko‘nikmalarini, ma’naviyati va jismoniy tayyorgarligini mustahkamlashda hamda kasbga yo‘naltirishda muhim o‘n kunlik ekanligini ta’kidladi.

Keng jamoatchilik va kuch tuzilmalari ishtirokida bo‘lib o‘tayotgan o‘quv yig‘inida Xorazm viloyatining barcha shahar va tumanlaridan 100 nafar yigit jalb etilgan bo‘lib, yig‘in doirasida yoshlar uchun nazariy va amaliy mashg‘ulotlar bilan bir qatorda turli sport musobaqalari, “Zakovat” intellektual o‘yini va boshqa madaniy tadbirlar tashkil etiladi.

Shu kuni Nukus garnizoni Safarbarlik chaqiruvi rezervi batalyoni ham qoraqalpog‘istonlik 100 nafar yigit uchun o‘z eshigini ochdi.

Yoshlarni tarbiyalash, ularni kasbga o‘rgatish, ish bilan ta’minlash, jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari hamda sportga keng jalb etish maqsadini ko‘zlagan 10 kunlik o‘quv yig‘ini yoshlarning harbiy vatanparvarlik tarbiyasiga bevosita mas’ul bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Yoshlar Ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi hamda kuch tuzilmalari mas’ul vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining olis va yaqin tumanlaridan kelgan yoshlar Nukus shahridagi Yoshlar markazida harbiy orkestr sadolari ostida kutib olindi. Nukus harbiy gospitalida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, harbiy kiyim-kechak bilan ta’minlandi.

Harbiy qism saf maydonida yig‘in ishtirokchilari mutaxassisliklar bo‘yicha “Yosh elektr-montajchi”, “Yosh IT dasturchilar”, “Yosh santexnik” va “Yosh payvandlovchi” guruhlariga ajratildi. Harbiycha tushlikdan so‘ng mutaxassislar ishtirokida seminar trening, sotsiometrik so‘rovnoma, madaniy-ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi.

 

 “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘ini dasturiga muvofiq 10 kun davomida yigitlar bilan jangovar, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik, IT-texnologiyalari, tadbirkorlik hamda kasb-hunar o‘rganish bo‘yicha mashg‘ulotlar olib boriladi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati