Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlarida jangovar-taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda

0
1026

Har bir harbiy xizmatchi muntazam ravishda o‘z ustida ishlab, bilim va ko‘nikmalarini oshirib borishi lozim. Dala-o‘quv maydonlari va harbiy qism hududlarida o‘tkazilayotgan jangovar tayyorgarlik masho‘ulotlari esa bu borada yurt o‘g‘lonlari uchun ajoyib imkoniyatlar yaratadi.

Sharqiy harbiy okrugiga qarashli Farg‘ona garnizonida rejalashtirilgan jangovar-taktik o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tmoqda. Mashg‘ulotlarning ilk kunida Farg‘ona garnizoni shaxsiy tarkibi “Trevoga” signali asosida harakatga keltirildi.

Okrug shaxsiy tarkibi signal bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalarni oldi. So‘ngra, jangovar texnikalar parkdan chiqarilib, Sho‘rsuv poligoniga, bir vaqtning o‘zida esa boshqa bir batalyon taktik guruhi Farg‘ona dala-o‘quv maydoniga yo‘l oldi.

Shuningdek, mashg‘ulotlar davomida okrug shaxsiy tarkibi uchun harbiy texnikalarni platformalarga joylashtirish vazifasi musobaqa tarzida o‘tkazildi. 7 daqiqadan 12 daqiqagacha belgilangan vaqtlar oralig‘ida eng yaxshi natijani ko‘rsatgan ekipaj harbiy qism komandiri tomonidan rag‘batlantirildi.

Jarayonlar bir vaqtning o‘zida Andijon hamda So‘x garnizonlarida ham olib borilmoqda. Dastlab bu yerda ham garnizon shaxsiy tarkibi harbiy texnikalarni harakatga keltirishdi. So‘ngra zirhli texnikalar kolonnasi dala-o‘quv maydoni tomon yo‘l oldi.

Ta’kidlash joizki, Sharqiy harbiy okrugida o‘tkazilishi rejalashtirilgan bu masho‘ulotlar davomida harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligiga har tomonlama baho beriladi. Bu tarzda olib borilayotgan jarayonlar yurt posbonlarining jangovar tayyorgarligini har tomonlama oshirib, ularning favqulodda holatlarda to‘g‘ri va aniq harakatlanish ko‘nikmalarini shakllantiradi.

Sinov mashg‘ulotlari okrug qo‘mondoni boshchiligida Mudofaa vazirligi ma’sul ofitserlari ishtirokida kuzatib borilmoqda.

Sherzod EGAMBERDIYEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti