Jizzaxda “Vatan tayanchi” harakati a’zolariga ko‘krak nishonlari topshirildi

0
1063

Kuni kecha Markaziy harbiy okrug Jizzax garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida umumtaʼlim maktablarida tashkil etilgan “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakatining 525 nafar aʼzosiga “Vatan tayanchi” koʻkrak nishonini tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Unda mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev, Respublika harbiy prokuraturasi, okrug qo‘mondonligi, hokimlik, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Bugungi kunga qadar mamlakatimiz bo‘yicha jami 177 mingdan ortiq yoshlarni qamrab olgan 9 ming 858 ta “Vatan tayanchi” otryadlari tashkil etildi. Xususan, Jizax viloyatida 8 ming 468 nafar yoshlardan iborat 542 ta “Vatan tayanchi” otryadlari mavjud.

 

Tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar otryad a’zolariga ushbu sharafli nishonni taqib yurishga munosib boʻlib, kelgusida oʻz tengdoshlari orasida haqiqiy vatanparvar, yetakchi va tashkilotchi boʻlishi zarurligini ta’kidlashdi.

Shundan so‘ng,  Jizzax viloyatida  eng faol boʻlgan 25 ta “Vatan tayanchi” otryadlari aʼzolariga “Vatan tayanchi” harakatining nishonlari tantanali ravishda topshirildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati