Nukus garnizonida yangi harbiy texnikalar foydalanishga topshirildi

0
1553

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugida joylashgan harbiy qismlarning birida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarini harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan butlash maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida “KAMAZ-4326” rusumli yuk avtomobillari Nukus va Urganch garnizonlari harbiy qismlariga foydalanish uchun topshirildi.

Marosimda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Farhodjon Shermatov ishtirok etib, so‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan qo‘shinlarning mudofaa qudrati, jangovar shayligi va moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Bu kabi sa’y-harakatlarning pirovard maqsadi – bo‘linmalarning jangovar shayligi va qudratini yuksaltirishdan iborat bo‘lib, harbiy okrug yangi texnikalarni ikkinchi marotaba qabul qilib olmoqda. Eslatib o‘tamiz, 2021-yilda ham Nukus va Urganch garnizonlaridagi harbiy qismlar xuddi shunday texikalar bilan ta’minlangan edi.

 

Tadbir davomida harbiy xizmatchilarning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qiladigan, har qanday noqulay ob-havo sharoitida ham yo‘l tanlamas “Kamaz 4326” rusumli 10 dan ortiq harbiy texnika kalitlari harbiy qismlarga foydalanish uchun topshirildi.

Texnikalarni qabul qilgan harbiy xizmatchilar yuksak ishonch bilan topshirilgan ushbu yuk avtomobillarini jangovar shay va soz holatda ushlab turishga, ularga o‘z vaqtida texnik xizmatlar ko‘rsatishga va’da berishdi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati