Muborakda batalyon taktik o‘quv yig‘ini o‘tkazildi

0
1845

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Muborak tumanida joylashgan harbiy qismda okrug batalyon (divizion) komandirlari va ularning oʻrinbosarlari bilan uch kunlik komandirlik yigʻini o‘tkazildi.

Unda ishtirokchilarning jangovar tayyorgarlik tadbirlarini rejalashtirish va oʻtkazish boʻyicha nazariy bilimlari va amaliy koʻnikmalarini oshirish, yaqin davr oraligʻida boʻlib oʻtgan qurolli mojarolar va lokal urushlar tahlilidan kelib chiqqan holda ehtimoliy dushmanning jangovar harakatlar olib borish tajribalarini oʻrganish kabi lavozimlari boʻyicha bilim darajalarini takomillashtirish maqsad qilindi.

Dastlab, ishtirokchilar saf maydonida jamlanib, ularga okrug qoʻshinlari qoʻmondoni oʻrinbosari tomonidan yigʻin maqsadi yetkazildi. Shundan soʻng, batalon komandirlari va ularning oʻrinbosarlari tadbirga qay darajada tayyorgarlik koʻrganliklari saf koʻrigi jarayonlarida birin-ketin tekshirildi.

Shundan so‘ng okrug boshqaruv apparatining malakali ofitserlari tomonidan nazariy va amaliy mashgʻulot jarayonlari jadval asosida boshlandi. O‘quv-uslubiy yig‘inda bo‘ysunuvchi bo‘linmalarni o‘qitish va tarbiyalashda zamonaviy tajribalarni targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratildi.  Shuningdek, artilleriya tayyorgarligi, razvedka tayyorgarligi, taktik hamda tibbiy tayyorgarlik singari fanlardan nazariy va amaliy dars jarayonlarida yig‘in ishtirokchilarning bilimlari yanada mustahkamlandi.

Bundan tashqari, yig‘in rejasiga asosan harbiy xizmatchilarning otish tayyorgarligi, uzoq masofaga marsh yurish, jangovar va avtomobil texnikalarini boshqarish mashg‘ulotlarini tashkillashtirish va o‘tkazish ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi. Yakunda erishilgan yutuqlar e’tirof etilib, mutaxassislar tomonidan batalyon (divizion) komandirlari va ularning oʻrinbosarlariga kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Jangda g‘alaba uchun eng muhim omil bu sifatli boshqaruv, albatta. Uni amalga oshiruvchi bo‘g‘in vakillari bilan o‘tkazilgan mazkur yig‘in mohiyati ham ana shu maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati