Harbiy prokuratura xodimlari ishtirokida ommaviy sayyor qabullar o‘tkazildi

0
629

Yurtimizda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borish, ularning dardi va muammolarini hal etish maqsadida tegishli soha xodimlari tomonidan samarali ishlar bajarilmoqda. Bu borada harbiy prokuratura xodimlari ham soha doirasida muntazam ravishda tadbirlar o‘tkazmoqda.

Kuni kecha Buxoro harbiy prokuraturasi tashabbusi bilan viloyatining Shofirkon tumani hokimligi binosida ommaviy sayyor qabul tashkil qilindi. Unda tuman qo‘riqlash, favqulodda vaziyatlar va Mudofaa ishlari bo‘limlari xodimlari, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtirok etdi.

Qabul davomida mas’ullar tomonidan ishga joylashish, imtiyozli uy-joyga ega bo‘lish, safarbarlik chaqiruvi yig‘inida xizmatni o‘tash uchun shartnoma pullarini to‘lashda yordam ko‘rsatish hamda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda imtiyozlarga ega bo‘lish kabi masalalarga oid murojaatlar qabul qilinib, ularning aksariyati joyida hal qilindi.

Shuningdek, xuddi shunday tadbir Qarshi harbiy prokuraturasi tomonidan viloyatning olis hududi sanalgan Mirishkor tumanida ham o‘tkazilib, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari, faxriylar hamda yoshlarning muammolari o‘rganildi. Qabul jarayonlarida barcha murojaatlar nazoratga olinib, ko‘tarilgan masalalarni hal etish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga yo‘llanmalar berildi.

Joylarda harbiy prokuratura xodimlari ishtirokidagi sayyor qabullar davom etmoqda.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati