Muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruv hamda xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan fuqarolarni rezervga bo‘shatish to‘g‘risida Prezident qarori qabul qilindi

0
23961

«O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarni qurolli kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan fuqarolar 2023-yilning mart-aprel oylarida muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi.

Harbiy xizmatga yaroqli, muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan, biroq ushbu chaqiruv davrida Qurolli Kuchlar safiga chaqirilmaydigan fuqarolar safarbarlik chaqiruvi rezerviga olinadi. Muddatli harbiy xizmatning belgilangan muddatini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilar esa 2023-yilning mart-aprel oylarida Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatiladi.

Shuningdek, hujjatda muddatli harbiy xizmatga yangidan chaqirilgan fuqarolarni harbiy qismlarga tantanali ravishda kuzatish, rezervga bo‘shatilgan fuqarolarni yashash joylarida tantanali kutib olish tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari yordamida amalga oshirilishi belgilab o‘tilgan.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti