Xonobodda harbiy prokuratura xodimlari ishtirokida profilaktik tadbir o‘tkazildi

0
840

Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligi tasarrufidagi Xonobod qoʻrgʻonida joylashgan harbiy qismda profilaktik tadbir o‘tkazildi. Turli jinoyatlar, oʻz joniga qasd qilish singari noxush holatlarning oldini olish maqsadida tashkil etilgan tadbirga harbiy qism shaxsiy tarkibi ishtiroki taʻminlandi.

“Ruhiy sogʻlomlashtirish kuni” doirasida o‘tkazilgan tadbirda Qarshi harbiy prokuraturasi xodimlari, Qashqadaryo viloyati pedogoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish milliy markazi professor oʻqituvchilari oʻz maʻruzalari bilan ishtirok etdi.

Oilada, ishda va jamiyatda kishi oʻz oʻrniga ega boʻlishi uchun turli bilim, malaka va koʻnikmalarga ega boʻlishi lozim. Tinimsiz oʻqish va izlanishdan toʻxtamasligi, zamon bilan hamnafas oʻlaroq ijtimoiy tarmoqlardan ham faol foydalana bilishi uni yuksaklikka tomon yetaklaydi. Xonobodda o‘tkazilgan tadbirning asosiy mavzusi shu masalalarga qaratildi. Unda so‘zga chiqqanlar oilada totuvlikni ta’minlash, farzandlarning komil inson bo‘lib yetishishlarida ilmning ahamiyati, oiladagi muhitning nechog‘lik ta’sirga ekani haqida ma’ruza qildi.

Harbiy xizmatchi oldiga qoʻyilgan jangovar vazifani toʻla-toʻkis va sifatli ado etishi uchun nafaqat uning jismoniy tayyorgarligi, balki axloqiy-ruhiy holati ham aʻlo darajada boʻlishi talab etiladi. Oʻtkazilayotgan bu kabi tadbirlar esa ayni shu maqsadlar uchun xizmat qilayotgani bilan ham ahamiyatlidir.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati