Andijonda “Yosh vatanparvarlar” yigʼini davom etmoqda

0
580

Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlarining Andijon garnizonidagi harbiy qismda yoshlar uchun 10 kunlik “Yosh vatanparvarlar” oʻquv yigʻini tashkil etilgani to‘g‘risida oldinroq xabar berilgandi. Mazkur yigʻin ishtirokchilari saf va jangovar tayyorgarliklar, shuningdek, psixologik hamda qurollarni sochib-yigʻish kabi bir-biridan murakkab boʻlgan mashgʻulotlarni olib bormoqda.

Yigʻinga jalb etilgan yoshlarni kasbga yoʻnaltirish hamda ular kelajakda Vatanimiz ravnaqi uchun kerakli kadrlar boʻlib yetishishi uchun viloyatdagi “Ishga marhamat” monomarkazi mutaxassislari taklif etilgan bo‘lib, ular to‘planganlarga nazariy bilimlarni berish bilan birga, amaliyot borasida ham o‘z tajribalarini o‘rtoqlashmoqda.

Yoshlar bilan o‘zaro muloqotlar davomida oliy harbiy bilim yurtlariga kirish istagini bildirgan yig‘in ishtirokchilariga yurtimizdagi OHBYga kirish tartibi, buning uchun hozirda nimalarga e’tibor qaratish lozimligi to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, 15 ga yaqin yoshlarning safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmat oʻtashi belgilandi. Muddatli harbiy xizmatga borish istagini bildirgan yoshlarning roʻyxati esa Mudofaa ishlari boshqarmasi tomonidan shakllantirildi. Yigʻinning qolgan ishtirokchilari Andijon shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida o‘zlari qiziqqan kasb-hunarlarni egallaydigan boʻldi.

Ta’kidlash kerakki, bunday yigʻinlarning oʻtkazilishi kelajagimiz yoshlarini vatanparvar qilib tarbiyalash bilan bir qatorda, ularga oʻz hayot yoʻllarini topishda xizmat qiladi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati