Harbiy okrug miqyosida “Ayollar spartakiadasi” oʻtkazildi

0
1592

Bugun ayollarimiz nafaqat oilada, balki davlat va jamoat tashkilotlarida ham oʻzining faol hayotiy pozitsiyalarini namoyon etmoqda. Qaysi sohada boʻlmasin xotin-qizlar oʻzlarining yuqori malaka va zakovati bilan yuqori marralarni zab etayotgani barchaga ayon.

Milliy armiyamiz saflarida ham shunday xotin-qizlar borki, ular kishini nafaqat iffat, nafosat va bilimi bilan, balki yuksak jismoniy va harbiy tayyorgarligi bilan ham hayratga sola oladi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugda faoliyat olib borayotgan ana shunday xotin-qizlar oʻrtasida “Ayollar spartakiadasi” musobaqasi tashkil etildi. Okrug tasarrufidagi Buxoro viloyatida joylashgan harbiy qismda oʻtgan musobaqa arqon tortish, voleybol, badminton, suzish, shaxmat, shashka singari 9 ta sport turini qamrab oldi.

Jamoalarning har bir musobaqada koʻrsatayotgan yuqori natijalaridan ularning kuchli jismoniy va ruhiy tayyorgarlikka ega ekanini bilish qiyin bo‘lmadi. Doʻstona muhitda, ammo shiddatli va murosasiz kechgan bahslar okrug jangovar tayyorgarlik boshqarmasi ofitserlari tomonidan shaffof baholab borildi.

Baʻzi bellashuvlarda Qashqadaryo viloyatidan tashrif buyurgan jamoalar peshqadamlik qilgan boʻlsa, baʻzilarida Surxondaryo, yana birida Buxoro viloyati vakillarining qoʻli baland keldi. Yakuniy natijalar koʻra, umumjamoa hisobida mutlaq gʻalabani Surxondaryo viloyatidan tashrif buyurgan harbiy ayollar jamoasi qo‘lga kiritdi. Ikkinchi oʻrin Qashqadaryo viloyatiga va oʻz navbatida uchinchi oʻrin mezbon viloyat vakilalarga nasib etdi.

Bilim, epchillik, mahorat va matonatini yana bir bor namoyon etgan ishtirokchilar okrug qoʻmondonligi tomonidan diplom hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati