Harbiy prokuraturada Muvofiqlashtiruvchi kengash yigʻilishi boʻlib oʻtdi

0
1495

Oʻzbekiston Respublikasi harbiy prokuraturasida 2022-yil yakunlari boʻyicha Qurolli Kuchlar tizimida qonuniylik, huquq-tartibot, huquqbuzarlik va jinoyat sodir etilishidagi sabablar va intizomni mustahkamlash borasidagi profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirilishi yuzasidan muvofiqlashtiruvchi Kengash yigʻilishi oʻtkazildi.

Unda prokuratura xodimlari, Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, DXX Chegara qoʻshinlari, Ichki ishlar vazirligining Qorovul qoʻshinlari, Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha qoʻshinlar qoʻmondonliklari masʼul ofitserlari ishtirok etdi.

Shu bilan birga muvofiqlashtiruvchi Kengashda barcha hududiy harbiy prokurorlar, harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonliklari, harbiy qism va muassasa boshliqlari videokonferensaloqa orqali qatnashdi.

Yigʻilishni bosh prokuror oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokurori adliya polkovnigi Botir Qudratxodjayev olib bordi.

—“Prokuratura toʻgʻrisida”gi qonunining 8-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va unga boʻysunuvchi prokurorlar jinoyatchilikka qarshi kurash samaradorligini taʼminlash maqsadida tezkor-qidiruv faoliyatni, tergovga qadar tekshiruvni, surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshiradigan tegishli organlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi” deb belgilangan, – deydi adliya polkovnigi Sherzod Xaitov. – Shunga asosan bugungi Muvofiqlashtiruvchi kengash muhokamasida ham jinoyatchilik va huquqbuzarlikni oldini olish, harbiy xizmatchilarning huquqiy ongi va madaniyatini yanada yuksaltirish borasidagi ilgʻor uslublardan foydalanishga qaratilgan hamkorlikdagi aniq tavsiyalar boʻyicha tegishli qaror qabul qilindi.

Shuningdek, yigʻin davomida qurolli kuchlar tizimdagi masʼul ofitserlarning qonun ustuvorligini taʼminlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirgan ishlari toʻgʻrisidagi hisoboti eshitildi.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti