Sayyor qabulda taklif va gʻoyalar oʻrganildi

0
623

Respublikamiz hududlarida xalqimizga qulayliklar yaratish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini yanada shakllantirish borasida oib borilayotgan ishlarning samarasini har jabhada kuzatish mumkin. Joylarda shu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini taʼminlash maqsadida aholi fikrini oʻrganish esa juda muhim.

Toshkent viloyati Qibray tumani hokimligi va Chirchiq garnizoni harbiy prokuraturasi tashabbusi bilan tashkillashtirilgan sayyor qabulda ham mahalla faollari, umumtaʼlim maktablarining chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari, yoshlar yetakchilari, harbiy stol boshliqlari va fuqarolarning taklif hamda gʻoyalari har tomonlama oʻrganildi. Qibray tumani hokimi Miragzam Mirkasimov va Chirchiq garnizoni harbiy prokurori, adliya podpolkovnigi Qobul Anorboyev ishtirokida oʻtgan qabulda taklif hamda gʻoyalar atroflicha oʻrganilib, ulardan imkoniyat doirasida foydalanish haqida kelishib olindi.

Sayyor qabulda tuman mudofaa, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar boʻlimlari hamda Milliy gvardiya qoʻriqlash xizmati boshliqlarining qatnashishi koʻpchilik uchun ayni muddao boʻldi. Chunki savol javoblar paytida fuqarolar oʻz takliflari boʻyicha soha xodimlaridan kerakli javoblarni olishdi. Yigʻilish davomida safarbarlik rezerv chaqiruvi, chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik oʻquv xonalari moddiy-texnik bazasini takomillashtirish, umumtaʼlim maktablari va mahallalarda trenajyor maydonchalari qurish, poytaxtda oʻqiyotgan yoshlarning shaharga qatnashi uchun transport vositalari qatnovini yoʻlga qoʻyish kabi murojaatlar boʻldi.

Qabul yakunida tuman hokimi “Mehnat”, “Hosildor”, “Qipchoq”, “Olmazor” mahallalarida bu kabi ishlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha oʻz oʻrinbosarlariga topshiriqlar berdi. Chirchiq garnizoni harbiy prokurori esa tuman mudofaa, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar boʻlimlari hamda Milliy gvardiya qoʻriqlash xizmati hamkorligida umumtaʼlim maktablarida chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fanini oʻtish taklifini ilgari surdi. Bu taklif koʻpchilik tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Qibray tumani Davlat xizmatlari markazi binosida boʻlib oʻtgan sayyor qabulda kelgusida amalga oshiriladigan ishlar bilan aholiga qulayliklar yaratib berilishi alohida taʼkidlandi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamennti