Janubda harbiy qism tashkil etilgan kun nishonlandi

0
911

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz umumqoʻshin dala poligonida joylashgan harbiy qism tashkil etilganiga 31 yil toʻldi. Shu munosabat bilan harbiy qismga dastlab Termiz shahridagi oliy, oʻrta maxsus, kasb-hunar va umumtaʼlim maktablarining talabalari, oʻquvchi-yoshlari, harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari taklif etilib, “Ochiq eshiklar kuni” oʻtkazildi.

Tadbirda polkovnik Poʻlatjon Sativaldiyev qutlugʻ sana bilan barchani tabriklab, harbiy qism tarixi va harbiy xizmatchilar koʻrsatgan jasoratlar haqida atroflicha maʼlumot berdi.

Mazkur harbiy qismda o‘tgan 31 yil ichida Mudofaa vazirligi tizimidagi qator ko‘rik-tanlovlar hamda turli xorijiy davlatlar bilan birgalikda hamkorlikdagi o‘quvlar o‘tkazilgan. Ta’kidlash kerakki, keyingi yillarda harbiy qism joylashgan hudud qiyofasi tubdan oʻzgardi. Yotoqxona, oshxona va boshqa binolar rekonstruksiya qilinib, harbiy xizmatchilar uchun barcha zamonaviy sharoitlar barpo etildi. Madaniyat markazi va sport zali taʼmirlanib, harbiy xizmatchilarning boʻsh vaqtini mazmunli, maroqli oʻtkazish uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratildi, yangi jihozlar bilan taʼminlandi.

Tadbir doirasida yoshlar harbiy qismda yaratilgan sharoitlar, zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan tanishdi. Yig‘ilganlarga harbiy xizmatchilarning koʻrgazmali jangovar chiqishlari namoyish etildi.

Talaba yoshlar va yosh harbiy xizmatchilar oʻrtasida sportning arqon tortish, sport tennisi, armrestling, harbiy estafeta, kurash turlari boʻyicha musobaqalar uyushtirilib, gʻoliblar munosib taqdirlandi. Eng faol ishtirok etgan jamoalarga harbiy qismning 31 yilligi munosabati bilan tayyorlangan maxsus sovgʻalar tuhfa qilindi. 

III darajali serjant Akbar Ahmedov, Termiz garnizoni