Nukusda Muvofiqlashtiruvchi kengash yigʻilishi oʻtkazildi

0
1082

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va ma’rifat markazida garnizondagi kuch tuzilmalariga qarashli harbiy qism va muassasalarining 2022-yil yakuni boʻyicha qonuniylik, huquq-tartibot ahvoli, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar, harbiy intizomni mustahkamlash yoʻnalishida olib borilgan tadbirlarning sarhisobiga bagʻishlangan Muvofiqlashtiruvchi kengash yigʻilishi oʻtkazildi.

Unda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, Nukus harbiy prokuraturasi xodimlari, harbiy qism va muassasalarning masʼul ofitserlari ishtirok etdi.

Yigʻilishga raislik qilgan Nukus harbiy prokurori adliya polkovnigi Shuhrat Zoirov 2022-yil davomida garnizonda joylashgan harbiy qism va muassasalarda qonuniylikni mustahkamlash, harbiy xizmatchilar hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi faoliyat yuzasidan maʼruza qildi.

Tahliliy va tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida huquqbuzarliklar holatini muntazam tahlil qilib, amaliy tadbirlarni rejali, maqsadli hamda samarali olib borish, shaxsiy tarkibning huquqiy ongi va madaniyatini yanada yuksaltirish, tarbiyaviy va mafkuraviy ishlarda ilgʻor uslublardan foydalanish hamda boshqa usullar orqali shaxsiy tarkib orasida huquqiy savodxonlikni yuksak darajaga koʻtarishga erishish mumkinligi taʼkidlandi.

Muvofiqlashtiruvchi kengash yigʻilishi davomida mansabdor shaxslarning hisobotlari tinglanib, yoʻl qoʻygan kamchiliklari chuqur tahlil etildi. 2023-yil uchun tavsiya va takliflar bildirildi.

Kengash ishida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov ishtirok etdi. Yig‘ilish yakuni boʻyicha oʻtgan hisobot davrida amalga oshirilgan ishlar hamda yangi yilda rejalashtirilgan tadbirlar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati