Nukusda harbiy xizmatchilarni ogohlikka chaqiruvchi tadbir o‘tkazildi

0
948

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi, Nukus harbiy prokuraturasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari ishtirokida is gazidan zaharlanishning oldini olishga bag‘ishlangan yig‘ilish boʻlib oʻtdi.

Tadbirdan soʻz olganlar harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a‘zolariga is gazidan zaharlanishning oldini olish hamda gazdan toʻgʻri foydalanish qoidalari bo‘yicha ma’lumotlar berdi. Xonadonlarni isitishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilish lozimligi alohida uqtirildi.

Ta’kidlash kerakki, yurtimizga kuz-qish mavsumi kirib kelishi bilan fuqarolarning isitish moslamalaridan notoʻgʻri foydalanishi, xavfsizlik qoidalariga rioya qilmasligi oqibatida turli koʻngilsiz holatlar yuz berib turadi. 

Har yili bu kabi noxush holatlarning oldini olish maqsadida profilaktik tadbirlar amalga oshiriladi. Is gazidan shamollatish tizimi yaxshi ishlamaydigan organik moddalarni ishlab chiqaradigan korxonalarda, avtoulovlar turar parklarda, yangi bo‘yalgan va shamollatilmagan xonalarda, shuningdek, uy sharoitlarida tabiiy gaz chiqib turganda va pechka bilan istiladigan uylar, hammomlarda, dam olish palatkalarida yonuvchi moddaning to‘liq yonmasligi natijasida zaharlanish mumkin.

Is gazi organizmga nafas a’zolari orqali ta’sir etadi. Ushbu gaz gemoglobin bilan kislorodga nisbatan 300 marotaba kuchli birikma –  karboksigemoglobin hosil qiladi. Oqibatda gemoglobinning to‘qimalarga kislorod tashish xususiyati keskin pasayib, gipoksiyaga, og‘ir xolatlarda esa – anoksiyaga olib kelishi xamda shu tariqa inson hayotdan ko‘z yumishi mumkin.

Tahlillarga ko‘ra, is gazidan zaharlanish holatlarining aksariyati quyidagi sabablarga ko‘ra yuzaga kelmoqda:

  • Fuqarolar tomonidan gaz va muqobil yoqilg‘i (ko‘mir, o‘tin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik choralariga rioya etmaslik;
  • Nostandart (qo‘lbola yasalgan) yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish;
  • Isitish pechlarining dudburonlarini noto‘g‘ri o‘rnatish;
  • Havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov (ko‘mir va o‘tin cho‘g‘lari)dan foydalanish;
  • Havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib (to‘sib) qo‘yish.

Ogoh va hushyorlikka daʼvat etgan tadbir soʻnggida yig‘ilganlarga mavzuga doir videorolik namoyish etildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati