Vatan himoyachilari uchun uchta obyekt foydalanishga topshirildi

0
1650

14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni hamda Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 31 yillik bayramiga bagʻishlab, Nukus garnizonidagi uchta kapital taʼmirdan chiqqan obyekt foydalanishga topshirilishi, kechayu kunduz halovatidan ayrilib, mamlakatimiz tinchligi yoʻlida fidoyilarcha xizmat qilayotgan harbiylar uchun chinakam bayram sovgʻasi boʻldi.

Harbiy qismning shtabi va tibbiyot punkti binosi hamda Nukus uy-joydan foydalanish hududiy qismiga qarashli yotoqxonaning tantanali ochilish marosimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi Amanbay Orinbayev, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi, kuch tuzilmalarining hududiy rahbarlari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi soʻzga chiqib, hayotini sharafli va muqaddas vazifaga bagʻishlagan yurt himoyachilarini 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami bilan tabriklab, soʻnggi yillarda Qurolli Kuchlarimizning jangovar shayligi, hozirjavobligi, salohiyati,  tezkorligi yanada oshganini eʼtirof etdi. Davlatimiz tomonidan harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi masalalariga katta eʼtibor berilayotgani, oʻtgan yillar mobaynida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Harbiy-maʼmuriy sektori harbiy okrug qoʻmondonligi bilan hamkorlikda salmoqli ishlar amalga oshirilganini taʼkidlab oʻtdi.

Navbatdagi bino – harbiy qismning tibbiyot punktida ham taʼmirga boʻlgan muhtojligi sabab, harbiy xizmatchilarga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishda muammolarni vujudga keltirardi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Harbiy-maʼmuriy sektori koʻmagi bilan ikki qavatdan iborat boʻlgan mazkur shifo ulashuvchi maskanda endilikda qabulxona, yiringli va toza bogʻlov xonalari, stomatolog hamda otolaringolog, izolyator, fizioterapiya xonalari, garaj va uchta xizmat xonasi mavjud boʻldi. Binoda dorixona hamda 22 kishiga moʻljallangan 4 ta bemorlar xonalari yaratilgan. Barcha xonalar zamonaviy tibbiy asbob-uskuna va jihozlar bilan taʼminlanib, avtonom va markazlashgan isitish tizimiga ulangan. 

Yurt himoyachilari va ular oila aʼzolarining yashash sharoitlarini yaxshilash, ularga qulay va shinam sharoitlar yaratish maqsadida hududiy harbiy-maʼmuriy sektori amaliy koʻmagi bilan Nukus uy-joydan foydalanish hududiy qismiga qarashli yotoqxonada kapital taʼmir ishlari yakunlanib, bino oʻzgacha koʻrkamlik kasb etdi.

Yotoqxonaning 1-qavatida 28 oʻrinli 14 ta mehmonxona xonalari, 2-qavatida esa 11 oilaga moʻljallangan ikki xonali xizmat xonadonlari yaratildi. Binoning 3-4-qavatlarida esa boʻydoq harbiy xizmatchilarni joylashtirish uchun jami 44 ta xona tayyorlanib, jihozlandi. 

Kapital taʼmirdan chiqqan obyektlardagi zamonaviy shart-sharoitlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi rahbariyati hamda mehmonlar tomonidan yuqori baholanib, ushbu binolar Vatan himoyachilarining ijtimoiy himoyasini taʼminlash yoʻlida yana bir muhim qadam boʻlganini taʼkidlandi. Obyektlar koʻp yillar davomida harbiy xizmatchilar va ular oila aʼzolariga xizmat qilishiga tilak bildirildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati