Teatr jamoasi harbiy xizmatchilarni bayram bilan qutladi

0
772

Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi Jizzax hamda Samarqand garnizonlarida joylashgan harbiy qism va muassasalarda O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan O’zbekiston Davlat drama teatri ijodkorlari tomonidan “Siz tayanch, siz botir qalqon harbiylar” shiori ostida bayram dasturi namoyish etildi.

Harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari uchun tashkil etilgan bayram dasturida taniqli aktyor va aktrisalar ishtirok etib, tinch va osuda hayotimizni ta’minlayotgan harbiylarni bayram bilan qutlab, xalqimizning shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga va inson qadrini ulug‘lash qo’shayotgan hissalarini etirof etishdi.

Shundan so’ng, milliy kino san’atimizning “Oltin fondi”dan o’rin olgan asarlarni ommaga yoyishga, uning yaratilish tarixi va mazmun mohiyatini yetkazish ahd qilgan ijodkorlar bu gal “Otasining qizi”, “Jinlar bazmi” va “To’maris” spektallaridan parchalar namoyish etishdi.

Ayniqsa, san’atkorlar tomonidan Vatan va tinchlikni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlarning ijro etilgani barchani shu ona zaminni asrab-avaylash va tinch zamonning qadriga yetishga undagan bo‘lsa, ajab emas.

Umuman olganda bu kabi uchrashuvlar har bir kishi ruhiyatiga ijobiy ta’sir ko’rsatib, hayotdan mamnun, zavq olib yashashga undamoqda. Ushbu tadbir harbiylarimizga ekranlarda sevib tomosha qilgan kino qahramonlari, qo’shiqchilari bilan yuzma-yuz ko’rishish imkoniyatini yaratgani bilan ham ahamiyatlidir.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati