Nukus garnizonida askar onalari sharaflandi

0
606

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasida “Askar onalarini sharaflaymiz!” mavzusida muddatli harbiy xizmatchilarining onalari bilan videokonferensaloqa tarzida uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda Nukus garnizoni harbiy qismi hamda Toshkent viloyatidagi Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy-havo kuchlari qoʻmondonligiga qarashli harbiy qismda yigitlik burchini oʻtayotgan askarlar oʻz ota-onalari va yaqinlari bilan videokonferens aloqa tizimi orqali diydorlashish baxtiga musharraf boʻldi. Tadbir hayajonli va quvonchli lahzalarga boy oʻtdi. Toʻqqiz oydan buyon ming chaqirim olis hududda yurt himoyachisi degan sharafli nomga munosib oʻgʻlonlar safida harbiy xizmatni oʻtayotgan farzandini onlayn boʻlsa-da koʻrib quvongan onalarning koʻzlarida quvonch yoshlari miltiradi. Yangiyoʻllik va qoraqalpogʻistonlik askarlar ota-onalari va yaqinlariga harbiy xizmatdagi shart-sharoitlardan soʻzlab, dil lavhiga bitilgan sogʻinchnoma sheʼrlardan aytib berishdi.

Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Maryam Axmedova, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugning harbiy xizmatchilari va ularning oilalari bilan ishlash boʻyicha yetakchi mutaxassislari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Qoraqalpogʻiston Respublikasi mintaqaviy boʻlinmasi vakillari ishtirok etdi. Qoraqalpogʻistonlik askarlarning onalariga shahar va tuman hokimliklari tomonidan tayyorlangan qimmatbaho sovgʻalar hamda harbiy okrug qoʻmondonligining tashakkur xatlari yetkazildi. Nukus shahar Madaniyat markazining “Qirqqiz” ansambli ijodkorlari askarlarga bayramona qoʻshiqlar guldastasini taqdim etib, davraga hush kayfiyat ulashdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati