Nukus harbiy gospitali shifokor va talabalar uchun oʻz eshigini ochdi

0
752

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil yetilganligining 31 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayramiga bagʻishlab yurtimizda joriy etilgan “Vatanparvarlik oyligi” tadbirlari doirasida yangilangan Nukus harbiy gospitali Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi mutaxassislari hamda Qoraqalpogʻiston tibbiyot instituti talabalari uchun oʻz eshigini ochdi.

Mehmonlar yangilangan harbiy gospitalda yaratilgan keng imkoniyatlar, zamonaviy tibbiy uskunalar va muolajalar xonalari, statsionar bemorlar uchun mavjud qulayliklar bilan yaqindan tanishib, harbiy-tibbiyot soha mutaxassislari bilan fikrlar almashdi. Gospital qoshida 2022-yilda faoliyatini boshlagan “Taktik medik (paramedik)lar” oʻquv kursi tinglovchilari tomonidan jangda jarohatlanganlarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha koʻrgazmali mashgʻulot namoyish etildi.

2022-yilda kapital taʼmirdan chiqqan hamda eng zamonaviy tibbiy asbob-uskuna va anjomlar bilan jihozlangan gospital favqulodda holatlarda bir yoʻla 100 nafarga yaqin kasallarni qabul qilish, ularga sifatli tibbiy xizmatlar koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻldi. Tibbiyot maskanida jarrohlik amaliyotlarini shu yerning oʻzida oʻtkazish, terapiya hamda yuqumli kasalliklar bilan xastalangan bemorlarni statsionar davolash, tibbiy muolajalar hamda laborator tekshiruvlarni amalga oshirish imkoni mavjud. Nukus harbiy gospitalida Toshkentdagi Markaziy harbiy klinik gospitali hamda boshqa tibbiy muassasalarning yetakchi shifokorlari bilan maslahatlashish, bemorlarning xastaligiga birgalikda shifo topish maqsadida onlayn videoaloqa tizimi oʻrnatilgan boʻlib, tele-meditsina yoʻnalishi ham rivojlantirilgan.

Tibbiy muassasada harbiy xizmatchilarga quloq-tomoq, koʻz, jarroh, stomatolog, nevropatolog, teri-tanosil kasalliklari shifokori, ginekolog, rentgenolog kabi malakali shifokorlar harbiy xizmatchilar va ular oila aʼzolariga xizmat koʻrsatmoqda. Eng ogʻir darajadagi bemorlarni davolash va tibbiy xizmatlar koʻrsatish, sunʼiy nafas berish va kislorod apparatlari bilan jihozlangan maxsus jonlantirish boʻlimi har qanday darajadagi bemorlarni qabul qilishi, ularga zarur boʻlgan alohida muolajalar oʻtkazishi mumkin.

Kapital taʼmir natijasida gospital hududida Nukus sanitariya-epidemiologik nazorat boʻlimining COVID-19 yuqumli kasalligini tez aniqlab beradigan virusologiya lavoratoriyasi ham joylashtirildi.

Kapital qurilish ishlari davomida gospitalda autsorsing tizimi asosida faoliyat koʻrsatayotgan shinam oshxona, anjumanlar zali, sport va jismoniy davolash ishlari bilan shugʻullanish uchun trenajyorlar bilan jihozlangan sport zali bunyod etildi.

Harbiy tibbiyot sohasi istiqbollari zamon bilan hamnafas boʻlib, eng oldi tibbiy uskuna va anjom-asboblar bilan butlangani, yurt himoyachilarining sogʻligini saqlash uchun yaratilgan shinam va qulay sharoitlar mehmonlarda katta taassurotlar qoldirdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati