Jizzaxda askar onalari sharaflandi

0
749

Markaziy harbiy okrugning Jizzax garnizonidagi harbiy qismda viloyat hokimligi bilan hamkorlikda “Askar onalarini sharaflaymiz” deb nomlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Unda Jizzax viloyatida joylashgan harbiy qismda Vatan oldidagi yigitlik burchini oʻtayotgan surxondayolik muddatli harbiy xizmatchilar hamda Surxondayo viloyatida joylashgan harbiy qismdagi jizzaxlik muddatli harbiy xizmatchilar onalari, keng jamoatchilik vakillari va yoshlar ishtirok etdi.

Harbiy orkestr sadolari ostida tantanali ravishda kutib olingan askar onalariga dastlab harbiy qismdgi sharoitlar yaqindan tanishtirildi va askarlarning onalariga yoʻllagan salomlari haqidagi videolavhalar namoyish etildi. Vatan himoyasiga qodir mard yigitning onasi boʻlish ulkan baxt. Ikki viloyatdagi muddatli harbiy xizmatchilar va ularning onalari bilan oʻtgan onlayn uchrashuvda barcha askarning volidalari chehrasida ana shunday baxtiyorlik va sogʻinch sururi aks etib turdi.

Soʻzga chiqqan Jizzax viloyati hokimi oʻrinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Nazira Muxtorova mamlakatimiz mudofaa qudratini yanada mustahkamlash, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini taʻminlash maqsadida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yuksak samara berayotganini haqida gapirdi.

Tadbir yakunida Vatanimizga sodiq, mard va yurtparvar yigitlarni oʻstirgani uchun onalarga minnatdorlik bildirilib, harbiy orkestr jamoasi hamda viloyatning iste’dodli sanʻatkorlari ijrosida konsert dasturi taqdim etildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati