Vatan himoyachilari kunini keng nishonlashga bag‘ishlangan matbuot anjumani

0
947

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “O‘zbekiston Respublikasida 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni va Qurolli Kuchlar tashkil etilganligining 31 yilligi bayramini keng nishonlashga bag‘ishlangan tadbirlar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanda “Vatanparvarlik oyligi” doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tashkiliy-amaliy, axborot-tashviqot, harbiy-vatanparvarlik va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar haqida ma’lumotlar berildi.

Matbuot anjumanida mudofaa vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi polkovnik Otabek Yo‘ldoshev, Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi mas’ul ofitseri polkovnik Mehriddin Qo‘chqorov, Mudofaa vazirligi Jangovar tayyorgarlik bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Rahmatillo Rahmonov spiker sifatida ishtirok etib, respublika axborot agentliklari va ommaviy axborot vositalari vakillarining mavzu bo‘yicha savollariga javob berdi.

Xususan, anjuman davomida mas’ul shaxslar tomonidan Vatan himoyachilari kunini munosib kutib olish va umumxalq bayrami sifatida keng nishonlash maqsadida o‘tkazilayotgan bayram tadbirlarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish uchun yaratiladigan shart-sharoitlar, Qurolli Kuchlarni isloh etish va rivojlantirish mobaynida qo‘lga kiritilgan yutuqlar, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish masalalarida amalga oshirilgan tashabbuslar, shuningdek, “Vatanparvarlik oyligi”da rejalashtirilgan tadbir va ko‘rik-tanlovlar haqida ma’lumotlar berildi.

Oylik davomida o‘quvchi-yoshlarni harbiy kasblarga yo‘naltirish, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida “Mard askar – yoshlarga namuna!” shiori ostida:

  • “Mard askar – yoshlarga namuna!” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik tadbirlari;
  • Harbiy qism va muassasalarda ochiq eshiklar kuni;
  • Toshkent shahri va viloyatlardagi muzeylarga ekskursiyalar;
  • “Askar onalarini sharaflaymiz” ;
  • “Mening akam – Vatan himoyachisi” mavzularida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar;
  • “Qahramonlar nomi barhayot!” mavzusida davra suhbatlari;
  • “Ma’naviyat karvonlari” tashrifini amalga oshirish;
  •  Umumta’lim maktablarida “Vatanparvarlik darslari”ni o‘tkazish kabi tadbirlar rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, turli tanlov va bellashuvlar, jumladan:

o‘quvchi yoshlar o‘rtasida:

✔️“Posboniman muqaddas yurtning” mavzusida insho va she’riy asarlar tanlovi;
✔️ “Mening armiyam – mening faxrim!” mavzusida “Eng yaxshi tasviriy san’at asari” tanlovi;

harbiy xizmatchilar, mahalliy aholi va yoshlar o‘rtasida:

✔️ Harbiy-ma’muriy sektor rahbarining sovrini uchun “Amir Temur o‘g‘lonlari”;
✔️ “Jaloliddin Manguberdi vorislari”;
✔️ “To‘maris izdoshlari” ko‘rik-tanlovlarini o’tkazish, shuningdek,
✔️sportning ommaviy turlari bo‘yicha sport musobaqalarini o‘tkazish;
✔️harbiy-vatanparvarlik festivallarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Mazkur tadbirlarda mamlakatimizning har bir fuqarosiga Vatan himoyachilari kuni bayramining ahamiyati, tinchligimiz va osoyishtaligimizni saqlashda, ayniqsa, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining o‘rni va ahamiyatini tushuntirish, shuningdek, mazkur tadbirlarda fan, madaniyat va san’at arboblari hamda sportchilar, keng jamoatchilik vakillari, harbiy xizmatchilar va faxriylarning faol ishtirok etishi belgilangan.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti