“Vatan kamoloti muqaddas burch” shiori ostida uch avlod uchrashuvi boʻlib oʻtdi

0
650

Qurolli Kuchlar davlat muzeyida Toshkent shahar “Nuroniy” jamgʻarmasi kengashi bilan hamkorlikda “Vatan kamoloti muqaddas burch” shiori ostida uch avlod uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev, Toshkent shahar “Nuroniy” jamg‘armasi kengashi raisi, senator Rustam Kalanov, Qurolli Kuchlar faxriylari, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Tadbirning ochilish marosimida Qurolli Kuchlar davlat muzeyi hududida qad koʻtargan “Vatanga qasamyod” haykali poyiga gulchambarlar qoʻyildi.

Tadbir davomida soʻzga chiqqanlar Qurolli Kuchlar tizimida oʻz xizmat burchini ado etib, bugungi kunda faxriylar qatorida yoshlarga har tomonlama ibrat va namuna koʻrsatib kelayotgan harbiy xizmatchilar hamda nuroniy otaxonlarimizning hayot yoʻli va ularning koʻrsatgan jasoratlari haqida yosh avlod vakillariga hayotiy misollar bilan soʻzlab berdi. Ularning davlatchilik tarixiga boʻlgan qiziqishlarini oshirish, harbiy tarix, sarkardalarimizning koʻrsatgan jasorati haqida qiziqarli maʼlumot olishlarida targʻibot-tashviqot ishlarini yanada takomillashtirish borasida oʻz fikrlarini bildirishdi.

Soʻngra tadbir ishtirokchilari bilan muzey boʻylab ekskursiya uyushtirildi. Uch avlod vakillari ajdodlarimiz tarixi va bugunini jonlantirgan eksponatlar bilan tanishar ekan, oʻtmishga hayolan sayohat qilib, qadim ajdodlarimizning turmush tarzi, mudofaa va qurolsozlikning rivojlanishi, oʻz hududlarini himoyalashda foydalanilgan harbiy anjomlar va qurol-yarogʻlar haqida teran maʼlumotlarga ega boʻldi.

Tadbirning badiiy qismida Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansamblining vatanparvarlik ruhidagi kuy-qoʻshiqlari ishtirokchilarga xush kayfiyat ulashish bilan bir qatorda, davra suhbatiga ham yakun yasab berdi.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti