Harbiy tibbiyot yoʻnalishida xalqaro hamkorlik

0
863

Bugungi kunda zamonaviy tibbiyotning barcha jabhalarini oʻzida mujassamlashtirgan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali yangi-yangi islohotlarni amalda qoʻllab kelyapti. Shifo maskanida xorijlik mutaxassislar bilan tajriba almashinuvining yoʻlga qoʻyilgani fikrimizning yaqqol misolidir.

Markaziy harbiy klinik gospitalning yangi binosi ishga tushirilganiga hali koʻp vaqt boʻlgani yoʻq. Shunga qaramay shifokorlar koʻmagiga ehtiyoji bor harbiy xizmatchilarimiz, ularning oila aʼzolari, Qurolli Kuchlar faxriylari va boshqa koʻplab hamyurtlarimiz zamonaviy davolanish imkoniyatiga ega boʻldi. Bundan tashqari, gospital Turkiya, Hindiston, Rossiya, Germaniya, Janubiy Koreya kabi koʻplab xorijiy davlatlar bilan harbiy tibbiyot sohasida hamkorlik doirasini yanada kengaytirmoqda. Xususan, xorijiy harbiy shifokorlar bilan birgalikda turli xil murakkab jarrohlik operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyatlari yaratildi. Ayniqsa, bu borada turkiyalik mutaxassislar bilan olib borilayotgan ikki tomonlama amaliy hamkorlik natijasida koʻplab yutuqlarga erishilmoqda.

Avgust oyi oxirida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Turkiya sogʻliqni saqlash universiteti hamkorligida I xalqaro simpozium oʻtkazilgandi. Xalqaro simpoziumda Turkiya harbiy tibbiy xizmati bosh direktori, professor Mustafo Gerek va Turkiya sogʻliqni saqlash universiteti rektori Jevdet Erdol hamda Markaziy harbiy klinik gospital mutaxassislari oʻrtasida harbiy tibbiyotning dolzarb masalalari muhokama qilingandi.

Bugun ana shu hamkorlik yana bir yangi bosqichga koʻtarildi. Mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan general-mayor Durmush Aydemir Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali va Qurolli Kuchlar tibbiyot akademiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Turkiya Milliy mudofaa vazirligi harbiy sogʻliq xizmatlari bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Durmush Aydemir tashrifning ikkinchi kuni mudofaa vaziri oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev bilan uchrashdi. Markaziy harbiy klinik gospitalda oʻtkazilgan uchrashuvda harbiy tibbiyot sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

 

Xorijlik mehmon gospital shifokorlari va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tibbiyot akademiyasi yosh ofitserlari bilan qizgʻin suhbat davomida Ulugʻbek Rasulov, Qahramon Kamolov, Xurshid Qutliyev, Baxtmurod Boborahimov singari tajribali tibbiyot xodimlari faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻlganligini taʼkidlab oʻtdi. Oʻz oʻrnida polkovnik Hamdam Qarshiyev oʻzbek harbiy tibbiyotida Durmush Aydemir sanab oʻtgan mutaxassislarga oʻxshagan shifokorlar koʻpligini eʼtirof etdi.

Polkovnik Hamdam Qarshiyev tashrif uchun Durmush Aydemirga minnatdorlik bildirar ekan, bu kabi hamkorlik aloqalari ikki qardosh xalq oʻrtasidagi rishtalarni yanada mustahkamlab borishini taʼkidlab oʻtdi. Soha mutaxassislarining oʻzaro tajriba almashishi davlatlarimiz mudofaa qudratini oshirishda muhim jihat boʻlib qolishiga ishonch bildirdi. Tadbir yakunida ikki xalq milliy anʼanalari doirasida esdalik sovgʻalar almashindi.

Turkiyalik mehmon uchun poytaxtimizning diqqatga sazovor joylari boʻylab sayohat uyushtirildi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti