Supermotokross boʻyicha gʻoliblar aniqlandi

0
1243

Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan Respublika texnik va amaliy sport turlari markazida tashkilot sovrini uchun supermotokross boʻyicha musobaqa tashkil etdi.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida soʻzga chiqqan Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov ishtirokchilarga omad tilash barobarida mehmonlarga markaz qoshida tashkil qilingan “Yosh poygachilar” karting klubi haqida maʼlumot berib oʻtdi.

Supermotokross musobaqalariga yurtdoshlarimizning qiziqishi ortib borayotgan rost. Chunki koʻplab toʻsiqlar, murakkab elementlar hamda sakrashlarga boy nisbatan qisqa trassadagi musobaqalarga tashrif buyuruvchilar soni yil sayin ortib bormoqda. Musobaqada respublikamizning turli viloyatlaridan kelgan sportchilar qatnashishdi.

Ishtirokchilar 12-15, 14-18, 18 va undan katta yosh doirasida bahslashishdi. Gʻoliblar diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandilar. 1-, 2- va 3-oʻrinlarni egallagan sport klublari jamoalari ham tegishli darajadagi diplom va kuboklarni qoʻlga kiritdilar.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti