Nukusda maxsus amaliy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi

0
870

Qahraton sovuqlarni ilk kunlaridan olib kelgan qish fasli ayozli ob-havo bilan butun yashil dunyoni vaqtincha ta’tilga yubordi. Ana shunday sovuq va quruq ob-havo injikliklarini yengib kelayotgan harbiy xizmatchilar har qanday vaziyatda ham yurt tinchligini, sarhadlarimiz dahlsizligini, xalqimiz osoyishtaligini mustahkam qo‘rg‘ondek himoyalash, kasbiy malaka va mahoratini yuksaltirish, jangovar tayyorgarligini oshirishni bir zumga ham to‘xtatgani yo‘q.

Nukus garnizonida joylashgan harbiy qismlarda jangovar tayyorgarlik rejasiga asosan ham nazariy ham amaliy mashg‘ulotlar malakali ofitser va yo‘riqchi serjantlar tomonidan yuksak saviyada olib borilib, harbiy xizmatchilarning sovuq ob-havo sharoitida matonat va irodasini toblash, qo‘yilgan o‘quv-jangovar vazifalarni sifatli bajarishga e’tibor qaratilmoqda.

Shimoli-g‘arbiy sarhadlarimizda bu yilgi qish mavsumi biroz sovuq kelganiga qaramay garnizon otliq seksiyalari jangovar-xizmat otlari bilan amaliy mashg‘ulotlarini doimgidek bajarib kelmoqda. Chavandozlik sirlarini mohir serjantlar ko‘magida o‘rganayotgan muddatli harbiy xizmatchilar jonivorlar yordamida to‘siqlardan o‘tishni, harbiy anjom-aslaha va o‘q-dorilarni tashishni, jang olib borishni mashq qilib, bir necha oy davomida anchagina ko‘nikmaga ega bo‘lib qolgan. Tulporlar  ham toza havoda yayrab, mashqlarni bir maromda, xamohangda bajarishga, chavandozlarning har bir buyrug‘ini hech ikkilanmasdan bajarishga harakat qilmoqda.

Ma’lumot uchun, Mudofaa vazirligi qo‘shinlari miqyosida o‘tkazilgan joriy yilgi “Amir Temur jangovar bayrog‘i uchun” musobaqalarining “Chavandozlik” yo‘nalishida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug otliq seksiyasi faxrli ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan edi. Serjantlar o‘rtasida o‘tkazilgan Armiya o‘yinlarining “Otliq marafoni” musobaqasida ham harbiy okrug vakillari shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan joy olgan.

Garnizon hududida joylashgan kichik poligon hududidagi jangovar shaharchalarda erta tongdan yo‘nalishlar bo‘yicha mashg‘ulotlar qizg‘in boshlangan. Meteo-ma’lumotlarni o‘lchash maxsus asbobining bergan xabariga ko‘ra ertalabdan havo harorati minus 16 darajani ko‘rsatmoqda. Biroq ona tabiatimizning bunday injiqligi mashg‘ulotga kelgan muddatli harbiy xizmatchilarga to‘siq bo‘la olmaydi. Maqsad aniq, niyat qat’iy – rejadagi mashg‘ulotlar o‘tkazilishi shart!

Qurollardan foydalanish, birgalikda jang maydonida harakatlanish, taktik vazifalarni bajarish, muhandislik tayyorgarligidan me’yorlarni bajarayotgan yurt o‘g‘lonlarining qat’iy maqsadi sabab havoning sovuqligi ularga sezilgani ham yo‘q.

Jangovar vazifalarni bajarishda bo‘linma tarkibida maxsus harakatlarni olib borish, cho‘lda razvedka-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish, minalashtirilgan maydondan o‘tish hamda boshqa mashqlarni bajarayotgan serjantlar bir necha yillik xizmatlari davomida havoning injiqliklariga sabot bilan bardosh berishga ko‘nikma hosil kilib bo‘lgan. Mustahkam ko‘nikma, kasbiy mahorat, metin iroda, albatta, mana shunday qiyin mashqlarda, murakkab vaziyatlarda toblanadi, sayqallanadi va natijada yuksaklikka erishiladi.

Jangda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishning samaradorligi, albatta jarohatlanganga yordam ko‘rsatish vaqti va sifatiga bevosita bog‘liq bo‘ladi. Jarohatlanish, zararlanish yoki yaralanishda birinchi daqiqalardan ko‘rsatilgan tibbiy yordam tufayli inson sog‘ligini saqlashga erishish va aksincha, jabr ko‘rganning salomatligiga jiddiy putur yetkazish mumkin. Nukus harbiy gospitali qoshida tashkil etilgan “Taktik medik (paramedik)lar” o‘quv kursida har bir harbiy xizmatchining o‘ziga va safdoshlariga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish amallari va usullarini har qanday sharoitda mukammal bilishiga katta e’tibor qaratib kelinmoqda.

Mana navbatdagi amaliy mashg‘ulotlarda ham kunning sovuq bo‘lishiga qaramay kurs tinglovchilari tomonidan jangda yaralangan safdoshiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish mashqlari sifatli olib borildi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati