Fotoreportaj: Qozog‘iston Mudofaa vazirligi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi

0
1354

Avvalroq Qozog‘iston Respublikasi mudofaa vazirining o‘rinbosari general-leytenant Sultan Kamaletdinov boshchiligidagi ijodiy guruh O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanalarida ishtirok etish uchun mamlakatimizga yetib kelgani haqida xabar bergan edik. 

Bugun, 7-dekabr kuni Qozog‘iston delegatsiyasi rasmiy tashrifni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi faoliyati bilan tanishishdan boshladi. Xususan, mehmonlar akademiyaning infratuzilmasi, taʼlim jarayonlari va oʻquv moddiy bazalari bilan yaqindan tanisharkan, yetakchi oliy harbiy ta’lim muassasasida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlarni alohida e’tirof etishdi.

Shundan so‘ng, Qurolli Kuchlar akademiyasida tomonlarning rasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda qardosh xalqlarning birdamligi, ikki davlat mudofaa idoralari oʻrtasida hamkorlikda olib borilayotgan masalalarning joriy holati hamda istiqbollari yuzasidan oʻzaro aloqalarni yanada mustahkamlash borasida fikr almashildi.

Akademiyaga tashrif O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi Qurolli Kuchlar ansambllarining bayramona qo‘shma konserti bilan yakunlandi. Unda tomonlarning ijodiy guruhlari tomonidan maxsus dastur asosida sahna ko‘rinishlari, zamonaviy va milliy kuy-qo‘shiqlar ijrosi, raqqosalar va xor guruhlarining chiqishlari namoyish qilindi.  

Shuningdek, kun davomida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar muziyi hamda “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi bo‘ylab ekskursiya va gul qo‘yish marosimi tashkil qilindi.  Qozog‘iston delegatsiyasi joylardagi eksponatlar bilan yaqindan tanishib, majmua hududida joylashgan “Matonat madhiyasi” monumenti poyiga gulchambar qo‘yishdi.

Ma’lumot uchun, 8-dekabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Mudofaa vazirligi rahbariyati va ijodiy guruhlari Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida bo‘lib, muassasaning o‘quv-moddiy bazasi bilan yaqindan tanishadi. Shu kuni “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyi maydonida ikki davlat Qurolli Kuchlar ansambllarining qo‘shma konsert dasturi (15:30 – 17:50) bo‘lib o‘tadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti