Ajdodlar xotirasini ulugʻlab

0
654

Poytaxtimizda qad rostlagan “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasida Mudofaa vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Oʻzbekistonning eng yangi tarixi masalalari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz hamkorligida “Ikkinchi jahon urushi yillarida Oʻzbekiston va Oʻzbekiston xalqi ilmiy tadqiqotlarda” deb nomlangan navbatdagi ilmiy-nazariy konferensiya boʻlib oʻtdi.

Unda “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi boshligʻi polkovnik Shuhrat Yusupov, Fanlar akademiyasi huzuridagi markaz direktori Feruza Usarova hamda qator tarixchi olimlar oʻz ilmiy izlanishlarini yigʻilganlar eʼtiboriga havola etishdi.

Shuningdek, tadbir davomida “Oʻzbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida” deb nomlangan kitobning navbatdagi nashri taqdimoti ham boʻlib oʻtdi. Maʼlumki, oʻzbek va rus tillarida chop etilib kelinayotgan ushbu turkum kitobning yangi nashri yangi-yangi qahramonlik namunalari haqida hikoya qiladi. Kitobda urush qatnashchilarining yaqinlari, jurnalistlar, tarixchi olimlar tomonidan yaqindan oʻrganilgan qahramonlarning taqdiri mujassamlashtirilgan.

Taqdimot davomida tadbir tashkilotchilari respublikamizning turli viloyatlaridan ana shu qahramonlarning qarindoshlarini taklif etgan holda ajdodlar xotirasiga oʻziga xos hurmat koʻrsatishdi. Viloyatlardan taklif etilgan mehmonlarga kitoblar sovgʻa qilindi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti