Nukusda mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari ishtirokidagi yig‘in yakuniga yetdi

0
1073

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoyishiga muvofiq, 21-25-noyabr kunlari “Nukus” umumqoʻshin poligonida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatining davlat boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa davlat tashkilotlari rahbarlari ishtirokida bir necha kunlik harbiy yigʻinlar oʻtkazilishi belgilangan edi.

Yigʻin davomida ishtirokchilar oʻqotar qurollarni jangga tayyorlash, nishonlarni moʻljalga olish va merganlikning sir-asrorlarini mahoratli yoʻriqchilardan oʻrganib, amaliy mashgʻulotda qatnashdi. 

Shuningdek, yig‘in ishtirokchilariga ishtirokchilarga bir necha kilometr poligon ichkarisida tashkil etilgan jangovar batalyonning hududda joylashuvini tashkil etish boʻyicha oʻquv joyida dushmandan shaxsiy tarkib va texnikalarni niqoblash, boʻlinmalar boshqaruvini tashkil etish, yaradorlarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, hudud qoʻriqlovi va muhofazasini tashkil etish masalalari koʻrsatib berildi.

Ishtirokchilar hududda texnikalarga texnik xizmat koʻrsatish, barcha turdagi taʼminot masalalarini yoʻlga qoʻyish, jangda ruhiy zarba olganlarga psixologik yordam berish va ruhiy zoʻriqishlarni yechish, oziq-ovqat va oʻq-dori hamda boshqa xomashyolarni saqlash uchun moʻljallangan joylar bilan yaqindan tanishdi.

Yigʻinning beshinchi, yakuniy kunida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov barcha ishtirokchilarni yigʻin doirasida qoʻyilgan topshiriqlarni bajargani hamda rejadagi mashgʻulotlarda samarali ishtirok etgani uchun minnatdorchiligini bildirdi. Barcha ishtirokchilar harbiy yigʻinlarni oʻtaganlari haqidagi sertifikat, harbiy okrug qoʻmondonligining faxriy yorliqlari va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Shu bilan yigʻin nihoyasiga yetdi. Ammo, yigʻinda ishtirok etgan rahbar va hokimlarda bu besh kunlik taassurotlarga boy va sermazmun mashgʻulotlar unutilmaydigan boʻldi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati