Ommaviy yugurish musobaqasiga sanoqli kunlar qoldi

0
558

Sportni rivojlantirish vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan “Yangi Nafas” sport ommaviy yugurish musobaqasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Davlat bayrog‘i qabul qilingan kunning 31 yilligini nishonlash doirasida mamlakatdagi keng ko‘lamli tadbirlardan birini o‘tkazishgacha roppa-rosa bir hafta qoldi. 13-noyabr kuni yurtimizning 15 ta shahrida bir vaqtda “Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” shiori ostida “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqasiga start beriladi.

Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikromov, hozirgi paytda butun respublika bo‘ylab Davlat bayrog‘i qabul qilingan kunga bag‘ishlangan sport-vatanparvarlik tadbirlarini munosib darajada o‘tkazishga puxta tayyorgarlik olib borilayotganini, davlat bayrog‘i har bir sportchi uchun g‘alabalar va yutuqlarining timsoli, g‘urur va shon-sharaf, milliy birdamlik ramzi hisoblanishini ta’kidlab o‘tdi.

Qayd etish lozim, mazkur ommaviy yugurish musobaqasida butun respublika bo‘ylab 32 mingga yaqin ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda, bu esa joriy yil yozda Yoshlar kuniga tashkillashtirilgan Yangi Nafas sport ommaviy yugurish musobaqasida ishtirok etgan yuguruvchilar sonidan ikki baravar ko‘proqni tashkil qiladi.

Sport ommaviy tadbirlariga inklyuziv qadriyatlarning joriy etilishi Yangi Nafas ommaviy yugurish musobaqalarining muhim qismi bo‘lib hisoblanadi. Adliya vazirligining ko‘magida har bir Yangi Nafas ommaviy yugurish musobaqasiga nogironligi bo‘lgan yuguruvchilar jalb qilinadi. Tashkilotchilar tomonidan “G‘alabaga iroda uchun” maxsus nominatsiyasi ta’sis etildi.

Yangi Nafas sport ommaviy yugurish musobaqasi Sportni rivojlantirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Toshkent shahar hokimiyati, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston kasabalar federatsiyasi, “O‘zbekneftgaz” AJ, O‘zbekiston Triatlon federatsiyasi hamda yugurish havaskorlari klublari ko‘magida Yengil atletika federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan.

Ma’lumot uchun, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan ommaviy yugurish musobaqasi uchta joyda tashkil etilib, ular “Yangi O‘zbekiston” va  “Ashxobod” parki hamda “Humo Arena” maydonchalari hisoblanadi.

Kapitan Aziz NORQULOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti