“Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqalari bo‘lib o‘tadi

0
868

O‘zbekiston Davlat bayrog‘i tasdiqlanganligiga bu yil 31 yil bo‘ldi. Shu munosabat bilan 13-noyabr kuni yurtimizning o‘n to‘rtta hududida bir vaqtning o‘zida “Yangi Nafas” sport musobaqalari bo‘lib o‘tadi. Unda respublika bo‘ylab 30 mingga yaqin ishtirokchi “Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz” shiori ostida birlashadi.

Mazkur marafonga bag‘ishlangan matbuot anjumanida davlat bayrog‘i kunini nishonlash doirasida Farg‘ona, Qo‘qon, Namangan, Andijon, Chirchiq, Guliston, Jizzax, Samarqand, Qarshi, Termiz, Navoiy, Buxoro, Urganch, Nukus va Toshkent aholisi “Yangi Nafas” sport ommaviy yugurish musobaqasiga qo‘shilishi haqida atroflicha ma’lumot berib o’tildi. Poytaxtimizda esa ushbu kuni “Yangi O‘zbekiston”, “Ashxobod” parklari va “Humo Arena” sport majmuasining maydonida bir vaqtning o‘zida 3 ta ommaviy yugurish musobaqalari tashkillashtiriladi.

Barcha shaharlar uchun “Yangi Nafas” sport ommaviy yugurish musobaqasining yagona masofa uzunligi 3 kilometrni tashkil qiladi. Tashkilotchilar ta’kidlashicha, ushbu masofa har qanday tayyorgarlik darajasiga ega ishtirokchi uchun optimal hisoblanadi. Tajribali yuguruvchilar uchun dasturga 12 kilometr uzunlikdagi masofa kiritilgan bo‘lib, uning marshruti  “Yangi O‘zbekiston” parkida o‘tadi.

Ommaviy yugurish musobaqasida nogironligi bo‘lgan yuguruvchilarning xavfsiz va qulay ishtirok etishining ta’minlanganligi “Yangi Nafas” dasturining muhim qismi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining ko‘magida shaharlarning har birida ularning keng ko‘lamli tadbirda ishtirok etishi tashkil etiladi.

Shuningdek, “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqasi doirasida har bir shaharda turli madaniy tadbirlarning o‘tkazilishi va ommaviy fleshmoblar tashkil etish ham rejalashtirilgan.

Davlat bayramlarini nishonlashga bag‘ishlangan ommaviy musobaqalarning o‘tkazilishi so‘nggi yillarga respublikaning minglab fuqarolarini birlashtiruvchi muhim hamda o‘ziga xos an’anaga aylangan. Mamlakatning Davlat ramzlari qabul qilingan kuniga bag‘ishlab o‘tkaziladigan sport tadbirlarining ahamiyati shundaki, bu xalqimizga, ayniqsa, yoshlarga birdamlik, hurmat, tenglik va milliy iftixor ruhini bag’ishlaydi. Matbuot anjumanida bu haqda batafsil fikr bildirildi.

Ma’lumot uchun, “Yangi Nafas” — aholini sog‘lomlashtirish va sog‘lom turmush tarzini rivojlantirishga qaratilgan ijtimoiy harakat. Ommaviy yugurish musobaqasi Yengil atletika federatsiyasi ishtirokida 2019-yildan beri o‘tkazib kelinmoqda. Loyiha doirasida O‘zbekiston shaharlari bo‘ylab xayriya ommaviy yugurish musobaqalari va marafonlar, ko‘plab sport tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti