Moddiy ta’minot mutaxassislari uchun ko‘rgazmali mashg‘ulotlar tashkil etildi

0
1028

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan Nukus garnizonidagi harbiy qismlar bazalari hamda “Nukus” umumqo‘shin poligoni hududida okrug moddiy ta’minot mutaxassislari uchun ko‘rgazmali mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Shaxsiy tarkib uchun doimiy joylashuv joyida qulay va xavfsiz sharoitlarni tashkil etishga qaratilgan mashg‘ulotlarda harbiy xizmatchilarning yotoqxonasi, oshxona, yuvinish xonalari va sanitar tizimlar, maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini jihozlash, xonalarda isitish va sovutish tizimlarining normal holatini ta’minlash, elektr jihozlaridan foydalanish va xo‘jalikni yuritish bo‘yicha zarur ma’lumotlar yetkazildi.

Mashg‘ulotlar davomida harbiy qism va muassasalarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash, shtatda mavjud o‘t o‘chirish va qutqaruv vositalaridan samarali foydalanish hamda jabrlanganlarni qutqarib, ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy harakatlar namoyish etildi.

Shuningdek, mashg‘ulotlar doirasida qo‘shinlarda veterinariya ta’minotini tashkil etishda harbiy qism va muassasalarga keltirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, saqlanishi va taom tayyorlashda sanitariya-gigiyenik talablariga rioya etish bo‘yicha mutaxassislar tomonidan tushunchalar berib o‘tildi. Harbiy qism va muassasalarda elektr jihozlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya etish, elektr qurilmalari va agregatlari bilan ishlashda ehtiyot choralariga amal qilish ko‘rsatib o‘tildi.

Ko‘rgazmali mashg‘ulot rejasiga muvofiq, keyingi o‘quv nuqtalari “Nukus” umumqo‘shin poligoni hududida tashkil qilindi. Unda mutaxassislarga Nukus harbiy gospitali tomonidan dala sharoitida o‘rnatilgan harbiy lazaret namoyish etilib, kasal va yaradorlarni qabul qilish, ularga tibbiy muolajalar ko‘rsatish hamda jarrohlik va boshqa tibbiy amaliyotlarni o‘tkazish uchun jihozlangan hududlar harbiy dala gospitalining faoliyati va imkoniyatlari namoyish etildi.

Dala sharoitida texnikalarga ommaviy yoqilg‘i qo‘yish punktini yoyish va mobil yoqilg‘i qo‘yish stansiyasini ishga tushurish, kiyim-kechak va oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashni tashkil etish, kiyim-kechak ustaxonasi, front orti ta’minotini boshqarish uchun boshqaruv punkti, qurol-aslaha hamda yoqilg‘i omborlarining faoliyati, ularni jihozlash hamda niqoblashning tashkil etish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar boyitildi.

 

Dalada mobil non pishirish sexining faoliyati, albatta, mazkur ko‘rgazmali mashg‘ulotdagi barcha o‘quv nuqtalaridan qiziqarlisi bo‘ldi. Zero, noma’lum hududda avtonom elektr energiyasidan foydalangan holda qo‘shinlarni issiq non bilan doimiy ta’minlash – real jangovar vaziyatlarda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Mashg‘ulotlar yakunida moddiy-ta’minot mutaxassislari tomonidan ilgari surilgan tashabbus hamda takliflar inobatga olinib, ularni kelgusida soha rivoji va taraqqiyoti yo‘lida qo‘llash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati