Qo‘mondonlik tarkibi ofitserlari Xalqaro Islom akademiyasida malaka oshirmoqda

0
1210

Bugungi davr har bir soha vakillari oldiga tezkor va ishonchli manbalar asosida ishlash, yangicha ishlanmalar, zamonaviy formatda faoliyat yuritish talabini qo‘ymoqda. Ayniqsa, dunyoda sodir bo‘layotgan qurolli to‘qnashuvlarda harbiy xizmatchilarning jangovar ruh va mafkuraviy immunitet shakllantirish, ularda fidoyilik va vatanparvar hissini yanada oshirish kechiktirib bo‘lmas vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu esa Qurolli Kuchlarda yuqori jangovar shaylik, barqaror axloqiy-ruhiy holat hamda shaxsiy tarkibning g‘alabaga bo‘lgan mustahkam ishonchini ta’minlashning eng muhim shartidir.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirish, turli murakkab va og‘ir vaziyatlarga nisbatan ruhiy bardoshliligini, yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetini mustahkamlash orqali milliy armiyamizning jangovar shayligi va qudratini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-sentabrdagi PQ-371 son qarorini ijrosi yuzasidan bugun, 7-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi xalqaro Islom Akademiyasida qo‘mondonlik tarkibi ofitserlarining “Yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlashning ma’naviy-ma’rifiy asoslari” maxsus dasturi bo‘yicha o‘qishlari tashkil etildi.

O‘n kun davom etadigan malaka oshirish kursida (72 soat) Akademiyaning yuqori malakala professor o‘qituvchilari tomonidan qo‘mondonlik tarkibi ofitserlariga qo‘shinlarda harbiy xizmatchilarning yuqori axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini ta’minlash, ularda turli buzg‘unchi g‘oya va ta’sirlarga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlash, harbiy jamoalarda yuksak harbiy intizom, o‘zaro yordam va hamjihatlik borasida yangi bilim va tushunchalar berib boriladi.

Ushbu o‘quvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad barcha bo‘g‘indagi komandir va boshliqlarning asosiy faoliyatini harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy psixologiyasini mustahkamlash, ularning kasbiy professionalligini oshirish, har qanday yot g‘oyalarni to‘g‘ri tahlil qila olish ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan.

Shuningdek, ushbu o‘quvlar davomida tinglovchilarning yurtimizning diqqatga sazovor obidalari, muzeylar va muqaddas qadamjolarga tashrifi ham belgilab qo‘yilgan.

Bobur Emurodov,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti