Harbiy qism tashkil etilgan kun munosabati bilan tantanali marosim o‘tkazildi

0
1570

Poytaxtimiz Toshkent shahrida joylashgan Mudofaa vazirligi harbiy qismlaridan birida qism tashkil etilgan kun munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Mudofaa vazirligi rahbariyati, Qurolli Kuchlar faxriylari, harbiy xizmatchilar ishtirok etgan tadbirda harbiy qismning O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tarkibidagi muhim o‘rni, tarixi, jangovar yo‘li, shaxsiy tarkibning davlat mudofaa qobiliyatiga qo‘shgan munosib hissasi haqida so‘z bordi.

Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Shuhrat Xolmuxamedov yig‘ilganlarni harbiy qismning 90 yilligi bilan qutlar ekan, harbiy xizmatchilar tomonidan qo‘yilgan vazifalarning to‘laqonli bajarilayotgani va shu davrgacha erishilgan yutuqlar barchaga o‘rnak bo‘layotganini e’tirof etdi. Qayd etilganidek, harbiy qism hozirgacha uch marta “Eng ilg‘or qo‘shilma” nomiga sazovor bo‘lgan, o‘nlab harbiy xizmatchilar namunali xizmati va jangovar faoliyatdagi muvaffaqiyatlari uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlangan, ularning bir nechasi “Kembriya patruli” xalqaro musobaqasida, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari miqyosida o‘tkazilgan “Eng ilg‘or mutaxassis” va boshqa nufuzli ko‘rik-tanlovlarda faol ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlar safidan joy olgan.

Tantanali tadbirda Mudofaa vazirining hamda Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘ining buyruqlari bilan bir guruh harbiy xizmatchilar munosib taqdirlandi. Marosimda Qurolli Kuchlar faxriylari va boshqa mehmonlarga ham so‘z berildi. Ular o‘tgan yillar davomida erishilgan yutuqlarni, jangovar an’analarni munosib davom ettirayotgan harbiy qism shaxsiy tarkibiga samimiy tilaklarini bildirdilar.

O‘z navbatida harbiy xizmatchilar tomonidan ustozlar – Qurolli Kuchlar faxriylariga bayram tuhfalari topshirildi. Yubiley sanaga bag‘ishlangan tadbir Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli qo‘shiqlari bilan davom etdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti