Qashqadaryoda “Yil ayoli” milliy tanlovining viloyat bosqichi gʻoliblari aniqlandi

0
767

Qarshi shahridagi Madaniyat va aholi dam olish maskanida “Yil ayoli” milliy tanlovining viloyat bosqichi oʻtkazildi.

Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan mazkur tanlovda bugun nafaqat oilada, balki jamiyatda ham o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lib borayotgan nozik qalb, mustahkam iroda egalari bir nechta shartlar bo‘yicha o‘zaro bellashdi.

Darhaqiqat, bugungi tanlov yurt himoyasida, ilmu fanda, tijoratda, rahbarlik lavozimlarida barchaga o‘rnak bo‘lib, shijoat bilan xizmat qilib kelayotgan faol xotin-qizlarni o‘zida birlashtirdi.

Viloyatning shahar va tumanlaridan 2000 ga yaqin nomzodlar orasidan saralangan 30 nafar ishtirokchi bugungi murosasiz kechgan bahslarda ravon nutqi, erishgan yutuqlari, ijod namunalari bilan barchani lol qoldirib, tanlovga yuqori tayyorgarlik ko‘rganini isbotlay oldi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-, 2- 3-o‘rin sohibalari aniqlanib, xuddi shu tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Shuningdek, 11 ta  nominatsiya boʻyicha ham ishtirokchilar munosib taqdirlandi.

Quvonarlisi, tanlov g‘olibalari orasida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boshqarmasi xodimi, harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari bilan ishlash boʻyicha yetakchi mutaxassisi Tamara Mamanova ham bor. U tanlovning “Yilning eng faol sogʻlom turmush tarzi targʻibotchisi” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu natija barcha harbiy ayollar uchun quvonchli bo‘ldi.

G‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati