O‘zbekiston harbiylari «Kembriya patruli» xalqaro musobaqasida 2-o‘rinni egalladi

0
1503

O‘zbekiston harbiylari “Kembriya patruli” xalqaro musobaqasida o‘tgan yilgi natijasini takrorlagan holda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Joriy yil 4–12-oktabr kunlari Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida o‘tkazilgan razvedka va maxsus bo‘linmalarning “Kembriya patruli” xalqaro musobaqasida dunyoning jami 24 ta davlatidan 144 ta jamoalar ishtirok etdi. Jumladan, unda mezbon Buyuk Britaniya, O‘zbekiston, Kosovo, Gretsiya, Irlandiya, Germaniya, Latviya, Fransiya, Gana, Italiya, Hindiston, Polsha, AQSh,  Shveysariya, Litva, Niderlandiya, Uels, Nepal, Shotlandiya, Avstraliya, Pokiston, Meksika, Albaniya, Chili, Qozog‘iston, Yangi Zelandiya  Qurolli Kuchlari razvedka va maxsus bo‘linmalari harbiy xizmatchilaridan iborat jamoalar o‘zaro bahs olib bordilar.

Musobaqa konkurslaridagi yo‘nalish 90 kilometr masofadagi turli darajadagi murakkab shartlardan iborat bo‘lib, har 8-10 kilometrda bir nechta jangovar topshiriqlar bajarildi.

Shuningdek, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish vositalaridan foydalangan holda 3 kilometr masofadagi zararlangan hududdan o‘tish, joyni razvedka qilish va tog‘ daryosini kesib o‘tish, yaradorlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, jarohatlanganlarni turli yo‘llar bilan evakuatsiya qilish, mina to‘sig‘idan yakka va guruh tarkibida o‘tish, dushman obektiga bosqin uyushtirish, garovga olinganlarni ozod qilish va harbiy asirlarni so‘roq qilish kabi shartlarda harbiy xizmatchilar o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazishdi.

Bundan tashqari jamoalarga 8 ta kutilmagan “test syurpriz” topshiriqlari ham berildi. Unga ko‘ra, xorijiy davlatlar qurollari va harbiy texnikasi turlarini aniqlash, simulyatsiya va aloqa uskunalari yordamida artilleriya olovini yo‘naltirish, harbiy topografiya me’yorlarni bajarish, Jeneva konvensiyasi bo‘yicha test topshirish, razvedka bo‘yicha hisobotlarni tayyorlash va tuzish, aloqa tayyorgarligi bo‘yicha me’yorlarni bajarish, bajarilgan tadbirlar bo‘yicha va keyingi topshiriqlarni bajarishga shayligi bo‘yicha bildiruv berish jarayonlari ham qizg‘in kechdi.

Shunday qilib musobaqa natijalariga ko‘ra, I o‘rinni mezbon davlat – Buyuk Britaniya jamoasi, II o‘rinni katta davlatlar jamoalarini ortda qoldirgan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi egallagan bo‘lsa, III o‘rin Pokiston jamoasiga nasib qildi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi mazkur nufuzli musobaqaning 2019-yilgi bahslarida 1-o‘rinni, 2020–2021-yillarda esa 2-o‘rinni band qilgan.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti