Harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan ta’minlash masalasiga bag’ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

0
4524

Bugun, 29-sentabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarini uy-joy bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Mudofaa vazirining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi — matbuot kotibi polkovnik Otabek Yuldashev, Mudofaa vazirligi Ta’minot departamentining boshlig‘ining yuridik masalalar bo‘yicha yordamchisi mayor Mahmud Yodgorov, Uy-joydan foydalanish boshqarmasi boʻlim boshligʻi kapitan Alijon Qambarov spiker sifatida soha yo‘nalishi bo‘yicha tegishli boshqarma boshliqlari, harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha mas’ul shaxslar hamda Respublika axborot agentliklari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Xabaringiz bor, Qurolli Kuchlarimizda harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash masalalarini yanada kuchaytirish maqsadida 2022-yil 25-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari, harbiy xizmatdan rezervga (iste’foga) bo‘shatilgan (chiqarilgan) fuqarolar va ularning oila a’zolarini uy-joy bilan ta’minlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida” Qarori imzolangan edi. Anjumanda Qarorda belgilangan yangi imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlari bilan qabul qilingan tegishli dasturlari doirasida 2017-2021 yillar davomida qurilgan uylar hisobiga 7225 nafar harbiy xizmatchi, harbiy xizmatdan rezervga bo‘shatilgan fuqarolar va ularning oila a’zolari zamonaviy va shinam turar joylar bilan ta’minlandilar.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, 2017-yilgacha bo‘lgan davr mobaynida Mudofaa vazirligi tizimida turar joy ta’minoti ko‘rsatkichlari yiliga 450 tadan oshmagan bo‘lsa, yuqorida qayd qilingan Davlat dasturlari asosida Toshkent shahri va Respublikamiz viloyatlari markazlarida qurilish amalga oshirilgan turar joylar hisobi yiliga o‘rtacha 1 500 dan ortiq raqamlarni tashkil etmoqda.

Prezident qaroriga muvofiq harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan taʼminlash masalalarida quyidagi oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilgan:

  • harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida orttirilgan kasallik yoki olingan jarohati tufayli harbiy xizmatni oʻtashga yaroqsiz deb topilib, rezervga (isteʼfoga) boʻshatilgan (chiqarilgan) Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarini, shuningdek, halok boʻlgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning, ularning xizmat muddatidan qatʼi nazar, oila aʼzolarini uy-joy bilan taʼminlash;
  • harbiy xizmatchilar boshqa vazirlik va idoralar tizimiga haqiqiy harbiy xizmatni oʻtash uchun oʻtkazilganda, ularga berilgan xizmat xonadonlarini ham tegishli vazirlik va idoralar tasarrufiga oʻtkazish;
  • harbiy xizmatchilarga ajratiladigan uy-joy maydonining ijtimoiy normasini aniqlashda ularning oila aʼzolari bilan bir qatorda qaramogʻiga olingan shaxslar toifasiga aniqlik kiritish;
  • umumiy harbiy xizmat muddati 20 yil boʻlgan harbiy xizmatni oʻtab rezervga boʻshatilgan fuqarolarni davlat hisobidan turarjoy bilan taʼminlash, shu bilan birga ularning oliy taʼlim muassasalarida oʻqish davri hamda davlat organlari va tashkilotlaridagi mehnat faoliyati yillarini haqiqiy harbiy xizmat yillari davriga qoʻshib hisoblash kabi imtiyozlar belgilangan.

Matbuot anjumani qizg‘in bahs-munozaraga boy o‘tdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti