“Men g‘olib” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Harbiy ralli” musobaqasining 2-bosqichi yakunlandi

0
1056

Janubi-g’arbiy maxsus harbiy okrug qo’shinlarida “Men g’olib” shiori ostida o’tkazilayotgan “Harbiy ralli” musobaqasining 2-bosqichi shiddatli va murosasiz bahslarga boy tarzda o’tdi. Okrug qo’shinlarida xizmat o’tayotgan texnik ta’minot mutaxassislari va haydovchilar ishtirokidagi bellashuvlar “Nuriston” dala o’quv maydonida start oldi.

Musobaqa davomida okrug tasarrufidagi harbiy qismlardan tashrif buyurgan yuqori tayyorgarlikka ega 6 ta jamoa g’oliblik uchun kurash olib bordi. Bellashuvlar yakka hamda jamoaviy tarzda harakatlanishni talab etuvchi ikki bosqichda o’tkazilishi belgilangan.

Yakka tartibdagi poygalarda bitta harbiy texnikada harakat amalga oshirilsa, jamoaviy harakatlanish bosqichida bitta jamoaning 6 nafar ishtirokchisi 3 ta harbiy texnikada kolonna hosil qilgan holda marra chizig’ini kesib o’tishi kerak. Bunda faqat haydovchining mahorati emas, balki GPS qurilmasi yordamida yo’nalishni ko’rsatib borayotgan yo’riqchining hushyorligi ham katta ahamiyatga ega. Negaki, musobaqa shartlariga ko’ra marraning qayerda ekani ishtirokchilarga noma’lum, uni mavjud qurilma yordamida topib borish talab etiladi.

Notekis, tanish bo’lmagan yo’llarda tezlik va hushyorlikni yo’qotmagan holda “KAMAZ 4310” hamda “URAL 4320” harbiy texnikalarida jamoaviy harakatlanib borayotgan harbiy xizmatchilarni kuzatib, ularning mahoratiga qoyil qolmaslikning iloji yo’q.

Bellashuvlarda kuchli ekanini ko’rsata olgan eng tezkor jamoalar shohsupadan o’rin egalladi. Jumladan, Qashqadaryo viloyatining Muborak garnizonidagi harbiy qism jamoasi 3-o’rin, Nuriston garnizonida joylashgan harbiy qism jamoasi 2-o’ringa loyiq ko’rilgan bo’lsa, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo garnizonida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari faxrli birinchi o’rinni qo’lga kiritdi.

Janubi-g’arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati