Fargʻona “Temurbeklar maktabi” tantanali vaʼda berish marosimi boʻlib oʻtdi

0
1038

Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari jangovar qudratini oshirish jarayonida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashni kuchaytirish, harbiylarning intellektual salohiyatini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bugun armiya va harbiy taʼlim muassasalari oʻzlikni anglash, milliy gʻurur, mustahkam iroda maktabiga aylandi.

Buyuk sarkarda Amir Temur bobomizning mardligi va vatanparvarligi, jasorati va adolatparvarligini yoshlarimizga oʻrnak qilish maqsadida mamlakatimizdagi barcha harbiy litseylarga “Temurbeklar maktabi” deb nom berildi.

Maktab yoshlarni Respublika Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy bilim yurtlari va boshqa oʻquv muassasalariga aniq fanlarga chuqurlashtirilgan holda tayyorlashga ixtisoslashtirilgan.

Kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Fargʻona “Temurbeklar maktabi” 1-bosqich oʻquvchilarining tantanali vaʼda berish  marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qo‘mondoni polkovnik Lutfullo Buzrukov, keng jamoatchilik vakillari va Fargʻona “Temurbeklar maktabi”ning shaxsiy tarkibi, oʻquvchilarning ota-onalari va yaqinlari ishtirok etib, boʻlajak yurt oʻgʻlonlariga omad va zafarlar yor boʻlishini tilab qoldi.

Tadbirning badiiy qismida faxriy qorovul  shaxsiy tarkibining turkum chiqishlari namoyishi etildi. Harbiy orkestr va viloyat madaniyat markazining taniqli sanʼat ustalari tomonidan konsert dasturi barchaga birdek manzur bo‘ldi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati