Birinchi bosqich kursantlari uchun ko‘rgazmali mashg‘ulot tashkil qilindi

0
802

Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida 1-bosqichga qabul qilingan yosh kursantlar uchun ko‘rgazmali mashg‘ulot tashkil qilindi. “Vatanga qasamyod” tantanasi oldidan o‘tkazilgan mazkur tadbirda bitiruvchi kursantlar malakali ustozlari hamrohligida muassasaga yaqinda kelgan izdoshlariga qurol-aslaha va jangovar texnikalarni tanishtirib, ulardan foydalanish bo‘yicha dastlabki bilimlarni berib o‘tdi.

Xususan, yosh kursantlar mashg‘ulot davomida harbiy texnikalar, o‘qotar qurol-aslahalar, portlovchi, muhandislik hamda razvedka vositalari, piyodalar va tankka qarshi minalar bilan tanishib, jangovar harakatlar davomida ulardan foydalanishning birlamchi ko‘nikmalariga ega bo‘ldi.

Darhaqiqat, mazkur muassasada mavjud 8 ta mutaxassislik bo‘yicha tahsil olgan o‘z kasbining ustalari — professional ofitserlar har yili milliy armiyamiz saflariga borib qo‘shiladi.  Bu kabi amaliy mashg‘ulotlar esa kursantlarni kelgusida yetuk ofitser bo‘lib yetishishlari va yurtimiz sarhadlarini munosib himoya qilishlarida muhim poydevor vazifasini o‘taydi.

Eslatib o‘tamiz, 25-sentabr kuni Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida, shuningdek, barcha oliy harbiy ta’lim muassasalarida kursantlarning “Vatanga qasamyod” marosimi o‘tkaziladi.

Yulduz O‘RMONOVA,
Mudofaa vazirligi Axborot va
ommaviy kommunikatsiyalar departamenti