Murojaatlarga munosib yechim

0
1215

Mudofaa vazirining oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev tegishli bosh boshqarma va boshqarma boshliqlari bilan birgalikda o‘tgazgan navbatdagi qabulida har bir fuqaroning murojaatini atroflicha oʻrganib chiqib, shu joyning oʻzida amaliy yordam koʻrsatgani koʻplab chigalliklarning yechilishiga, savollarga javob topilishiga sabab boʻldi.

Mudofaa vazirligi qabulxonasidan fuqarolar yuzi yorishib, ayrim onalar quvonch koʻz yoshlarini artib chiqib ketayoganiga guvoh boʻldik. Albatta, ularning muammolari, murojaatlari ham turli-tuman. Biri ijtimoiy himoya, boshqasi tibbiyot yoki uy-joy bilan taʼminlanish borasida, harbiy xizmatga qayta tiklash masalasida murojaat qilganlar ham yetarlicha topildi. Xizmat joyini tugʻilgan hududiga yaqinroq joyga oʻzgartirish ilinjidagilar ham uchradi.

Kichik serjant Alisher Tursunov Namangan kimyo-texnologiya institutini tamomlagan ekan. 5 yildan buyon harbiy xizmatda. Uning ofitser boʻlish orzusi amalga oshadigan boʻldi. Kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchi oddiy askar Jamshid Toshev farzandining sogʻligʻi tufayli ish joyini Toshkent shahriga oʻzgartirish boʻyicha murojaat qildi va oʻz oʻrnida yechimini topdi. Oliy maʼlumot egasi Nodir Qurbonovning esa harbiy xizmat faoliyatini boshlashiga poydevor qoʻyildi. Yaqin pallada uni safimizda koʻrib qolsak ajablanmaymiz.

Bugun juda koʻplab yurtdoshlarimiz xursandchilik bilan oila davrasiga qaytib, yangi rejalar ustida bosh qotirayotgani rost. Muhimi, bularning barchasi harbiy xizmatchilarning oilaviy xotirjamligiga, shu orqali Vatanimiz sarhadlarining ishonchli himoyasiga xizmat qiladi.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti