“Ayolga saodat bering” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

0
941

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining madaniyat saroyida Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi xotin-qizlar masalalari boʻyicha boshlangʻich tashkilot raislarining “Ayolga saodat bering” nomli ijtimoiy roliklar tanlovining taqdirlash marosimi oʻtkazildi.

“Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan mazkur tanlov jamiyatdagi qancha-qancha ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni qamrab olish va ularning oilalariga yordam berish maqsadida tashkil etildi.

Marosimda qator vazirlik, idora va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar ishtirok etdi. Unda soʻzga chiqqan bosh vazir oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi Zulayho Mahkamova ayollarning oiladagi oʻrni, farzandlar tarbiyasi borasidagi fidoyiligini eʼtirof etish asnosida el-yurt ravnaqiga qoʻshayotgan hissasini gʻurur bilan tilga oldi. Tadbirda ishtirok etayotgan xotin-qizlar jamiyatimizning shunday faol shaxslari sifatida barchaga oʻrnak ekanliklarini taʼkidlandi.

Nihoyat barcha intiq kutgan va hayajonlarga boy boʻlgan taqdirlash marosimi boshlandi. Dastlab turli nominatsiya boʻyicha tanlovga taqdim etilgan eng yaxshi videoroliklar namoyish etildi. Shundan soʻng asosiy oʻrinlar eʼlon qilindi. Unga koʻra, 3-oʻrinni “Hududgaz” taʼminoti aksiyadorlik jamiyati qoʻlga kiritdi. “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati 2-oʻrinni, Davlat soliq qoʻmitasi 1-oʻrinni egalladi. Tanlovning bosh mukofoti — Gran-pri esa Mudofaa vazirligiga nasib qildi. Gʻoliblar maxsus diplom va qimmatbaho sovgʻa bilan taqdirlandi.

Mayor Gulnora Hojimurodova, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti