“Sodiq do‘st” musobaqasida o‘zbekistonlik harbiylar yuqori natijalarni qayd etmoqda

0
6480

Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik muhandislik bilim yurtida “ArMI—2022” xalqaro armiya o‘yinlari doirasida o‘tkazilayotgan “Sodiq do‘st” musobaqasi qizg‘in pallaga kirdi.

Musobaqaning “Itoat qilish” shartini Jazoirning ayollar jamoasi boshlab berdi. Belarus Respublikasi jamoasidan soʻng kichik serjant Irodaxon Olimova “Gita” va kichik serjant Marjona Oqqoʻziyeva “Brenda” laqabli xizmat itlari xalqaro musobaqada dadil odimlab, egasining yuzini yorugʻ qildi. Mamlakatimiz jamoasidan soʻng rossiyalik harbiy xizmatchilar juftlik bahslarida ishtirok etdi.

Eʼtiborlisi, musobaqaga joriy yilda qoʻshilgan ushbu yangi shart bir qator meʼyorlarni oʻz ichiga oldi. Unda xizmat itlari harbiy kinologlar bergan buyruqqa binoan oʻngga, chapga burilish, ortga qaytish, harakat davomida darhol toʻxtash, yugurish, oʻtirish, yotish, oʻrnidan turish, yonma-yon harakatlanish, sekin yoki meʼyoriy qadam tashlash elementlarini bekamu koʻst bajardi. Shuningdek, mazkur mashqlar mobaynida sodiq jonivorlar 12/4 santimetrdan iborat, 1 kilogramm hajmga ega yogʻoch predmetni uloqtirilgan joyiga borib, dastlabki manzilga keltirdi hamda kerakli ochkolarni jamgʻardi.

Juftliklarda bajarilgan ushbu shartda erkaklar jamoamizdan kichik serjant Sodiq Dilmurodovning “Klif” hamda kichik serjant Zuhriddin Qoʻshoqovning “Best” laqabli xizmat itlari tengsiz natijalarni qayd etdi.

– Musobaqaning dastlabki shartidayoq sodiq doʻstlarimiz oʻzining qanchalik epchil va chapdastligini xalqaro maydonda namoyish etdi, – deydi kichik serjant Sodiq Dilmurodov. – Dastlabki natijalarimiz quvonarli va endi rekordlarni yangilamoqchimiz.

Jamoalarimizga omad tilagan holda musobaqaning navbatdagi shartlari va qizgʻin jarayonlar bilan gazetamizning navbatdagi sonlarida tanishtirib boramiz.

Leytenant Dilshod Ro‘ziqulov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti