“ArMI—2022”: “Yoʻl patruli”da vakillarimiz dastlabki shartlarni muvaffaqqiyatli boshladi

0
1364

“ArMI—2022” VIII xalqaro armiya oʻyinlari doirasidagi “Yoʻl patruli” musobaqasining birinchi bosqichi boʻlib oʻtmoqda.

Qurʼa natijalariga koʻra, musobaqa boshqichining dastlabki shartini Rossiya harbiylaridan iborat jamoa boshlab berdi.  Mazkur shart “Kontravariya tayyorgarligi elementlarini bajargan holda ekstremal haydash” deb nomlanadi. Yurtimiz vakillari ushbu shartni uchinchi boʻlib bajarishga kirishdi.

Shart davomida ishtirokchilar asfaltlangan maydonda kontravariya tayyorgarligi elementlarini bajargan holda ekstremal haydashni amalga oshiradilar. Yaʼni jamoa aʼzolari konuslar bilan jihozlangan tekis maydonda “Ilon izi”, “Politsiyacha burilish” va shu kabi elementlarni bajargan holda belgilangan finish chizigʻini bosib oʻtishi darkor. Ushbu bosqichda yurtimiz sharafini 3-darajali serjant Siddiq Aʼzamov, kapitan Abbos Amirov, 3-darajali serjant Farxod Musayevlar himoya qildi. Shart yakuni boʻyicha Oʻzbekiston jamoasi birinchi, Rossiya Federatsiyasi ikkinchi hamda Eron Islom Respublikasi uchinchi oʻrinlarni egallab turishibdi.

Kunning ikkinchi yarmida musobaqaning navbatdagi sharti boʻlib oʻtdi. Dastlab, shartni Eron Islom Respublikasi bajarishga kirishda. Ushbu shart “Texnik tanaffus” deb nomlanadi. Shart davomida ikki nafar ishtirokchi berilgan yengil avtomobilning orqa chap gʻildiragini birgalikda almashtiradi va shu vaqtda ularning hamjixatlik bilan bir xil harakat qilayotganliklari tekshirib boriladi.

Mazkur shartda yurtimiz sharafini kapitan Jamoliddin Egamberdiyev hamda kichik serjant Muzaffar Toʻlaboyevlar tandemi himoya qilib, 1 daqiqayu 15 soniyada shartni bajardi va yaqqol peshqadamga aylandi. Ushbu bosqichni 1 daqiqa 47 soniya natija bilan praporshik Sergey Molchanov hamda praporshik Andrey Zaytsevlar (Rossiya Federatsiyasi) egallab turgan boʻlsa, 2 daqiqa 8 soniya bilan katta praporshik Yuriy Sklyarenko va praporshik Aleksandr Pisarchiklar (Belarussiya Respublikasi) 3-oʻrinda bormoqda.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departmenti