BUGUNGI NATIJA – GʻALABAGA ASOS BOʻLA OLADI

0
4901

Xalqaro armiya oʻyinlari “Dala oshxonasi” musobaqasining ikkinchi bosqichi birinchi qismi sharti nihoyasiga yetdi. Ikkinchi bosqich musobaqalari uch qismdan iborat. Bugungi shart bilan tanishing: Masalliqlar ayni! Taom tayyorlash – erkin.

Oson ekan! Siz ham menga oʻxshab shunday oʻylasangiz qattiq yanglishasiz. Aynan bugungi shart natijalari muvaffaqiyatning asosi boʻlishi mumkin. Qanday qilib? Hali oldinda yana bir nechta shartlar bor?

Usta oshpaz Maʼmurbek Mamarasulovning aytishiga qaraganda, aynan shu shartning bajarilishi hakamlar tomonidan juda sinchiklab oʻrganilar ekan. Taomning koʻrinishi, hidi, masalliqlar uygʻunligi, foydalilik xususiyatlari, taʼmi va yana bir qator talablar… Dastavval taom uchun qoʻyilgan baholaringiz arzimagan xato tufayli kamayib borishi, hatto barcha baholaringizdan ayrilib qarz boʻlib qolishingiz mumkin ekan!

“Dala oshxonasi” xalqaro armiya oʻyinlari shaharchasi yam-yashil, rayhonu dastorgullar barq urib yotgan, qumrilarning mu-ku-kulari eshitilib turgan sokin bir yer. Ana shu sokin goʻshada beshta davlatdan kelgan usta oshpazlar oʻz mahoratlarini namoyish etdilar. Bu bellashuvni kuzatishning oʻziyoq maroqli. Kuni kecha jangovarlikda kuch sinashgan azamatlar bugun butunlay boshqa bir yoʻnalishda oʻzlarini namoyon etdilar. Vyetnamlik harbiy oshpazlarning xatti-harakatlarini kuzatar ekanman, bugun uloq shularda ketsa kerak, degan xayolga borganim rost. Belaruslarning chaqqonligini aytmaysizmi? Rossiyaliklarning har doimgiday oʻzlariga ishonchi baland. Yurtdoshlarimizga ishonaman. Shunday boʻlsada musobaqada kutilmagan holatlar ham bisyor.

Belgilangan toʻrt soatdan soʻng taomlar tayyor boʻldi. Hakamlar baholashni boshladi. Uf-ff, vaqt shu qadar imillab oʻtadimi, a? Baholash ham shuncha vaqtni oldi, desam balki ishonmassiz. Ancha-muncha tortishuvlardan soʻng (albatta tortishuv boʻlgan, yoʻqsa natijalar buncha uzoq kutilmas edi) nihoyat, nihoyat baholar eʼlon qilindi.

  • Tojikiston jamoasi 135 ball;
  • Vyetnam jamoasi 138,2 ball;
  • Belarus jamoasi 160,4 ball;
  • Rossiya jamoasi 186,2 ball;
  • Oʻzbekiston jamoasi 193,8 ball!

Bu ulkan yutuq toʻrt azamat oʻgʻlon — serjant Maʼmurbek Mamarasulov, kichik serjantlar Jamshid Qoʻqonov, Behzod Karimov, Nodirbek Joʻrayevning mahoratlari evaziga qoʻlga kiritildi.

Ular  berilgan masalliqlardan eng koʻp taom, tejamkorlik bilan qoʻshimcha taomlar va salatlar ham tayyorlashdi. Olti xil taom! Salat, ikki xil salqin ichimlik! Dala sharoitida! Ular tengsizdir!

Sizlar bilan gʻururlanamiz, aziz oʻgʻlonlar!

Inobat IBROHIMOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti