Farg‘onada “Yoʻl patruli” musobaqasiga start berildi

0
1718

Sharqiy harbiy okrugning Fargʻona viloyati Qoʻqon shahridagi harbiy qism oʻquv markazida “ArMI—2022” VIII Xalqaro armiya oʻyinlari doirasida mamlakatimiz mezbonlik qilayotgan “Yoʻl patruli” musobaqasiga bugun, 16-avgust kuni start berildi.

Kechki soat 19:00 da harbiy qism oʻquv markazi saf maydonida mazkur musobaqaning tantanali ochilish marosimi boshlandi. Unda Mudofaa vazirligi va ishtirokchi davlatlar masʼullari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari, faxriylar va yoshlar, jurnalistlar va blogerlar ishtirok etdi.

Dastlab, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Alisher Norboyev, so‘ng Rossiya Federatsiyasi mudofaa vazirining oʻrinbosari Timur Ivanov soʻzga chiqdi va tadbirga yigʻilganlarni samimiy tabriklab, barcha qatnashchilarga omad tiladi.

Ochilish marosimiga yigʻilgan muxlislarga musobaqa bosh hakami polkovnik Zafar Bazarbayev tanishtirildi. Soʻngra saf maydoniga “ArMI—2022” VIII Xalqaro armiya oʻyinlarining “Yoʻl patruli” musobaqasida ishtirok etuvchi davlatlar jamoalari birin-ketin kirib keldi. Shundan soʻng, Harbiy avtomobil nazoratiga tegishli avtoulovlarning sirenalar uzra maydonga kirib kelishi bilan tadbirning badiiy qismi boshlanib ketdi.

Mudofaa vazirligi Sharqiy harbiy okrug maʻnaviyat va maʻrifat markazi harbiy orkestr jamoasining koʻrgazmali defilesi, taniqli badiiy jamoalar va sanʼatkorlar ijrosidagi katta konsert dasturi hamda turli xalqlar madaniyatini ifoda etuvchi badiiy chiqishlari, Vatanparvar tashkilotining sport texnikalari namoyishi, tadbir qatnashchilarining olqishiga sazovor boʻldi.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departmenti